Seryogʻin kelgan bu yilda Koʻkdalaning ertagi tarvuzlari iyun oyida sotuvga chiqadi
Foto: Халқ сўзи
Qashqadaryo viloyatida yangi tashkil qilingan Koʻkdala tumaniga shu kunlarda yoʻlingiz tushsa, bepoyon adirliklar boʻylab goʻyo mavjlanayotgan dengizdek koʻzni quvnatuvchi shaffof gumbazchalarga duch kelasiz. Binobarin, bu shaffof gumbazchalar ostida elimizning rizq-nasibasi boʻlmish tarvuz nihollari barq urib rivojlanmoqda. Ayniqsa, ertagi tarvuz yetishtirishda oʻziga xos maktab yaratgan Oʻtamayli qishlogʻi sohibkorlarining bugun qoʻli-qoʻliga tegmaydi.
— Yanvar oyida “stakancha”larda koʻkartirib, olingan 6 ming tup tarvuz koʻchatini 1 gektar yerga ekib, ustini sovuqdan himoya qilish uchun shaffof gumbazchalar bilan oʻrab chiqdik, — deydi oʻtamaylilik sohibkor Gʻayum Tolipov. — Mana, bir hafta boʻldi, tarvuz koʻchatlari yerga moslashib oldi. Havo iliy boshlagach, plyonkadan tuynuklar ochamiz, rivojlanishiga qarab, parvarish qilamiz, sugʻoramiz. May oyi oxirida hosil pisha boshlaydi.
Taʼkidlash oʻrinliki, Oʻtamaylida tarvuz respublikada birinchi boʻlib pishadi, lekin bu yil bahorning nam va seryogʻin kelishi hosilning yetilishiga taʼsir qilmay qolmadi, albatta.
— Oʻtgan yili may oyida tarvuzni uzgan boʻlsak, bu yilgi sharoitda hosil yoz oyi boshida, aniqrogʻi, 5-iyun kunlari pishib yetiladi, — deya davom etadi tomorqachi. — Buning sababi shundaki, oʻtgan yili tarvuz koʻchatlarini dalaga 12-martda ekkan boʻlsak, bu yil 22-mart kuni ekib, plyonka bilan sovuqdan himoyaladik. Shuning uchun tarvuz bu yil 12-15 kun kechroq tayyor boʻladi. Bilasiz, bizda oqar suv yoʻq, suvni 180 metr chuqurlikdan nasos orqali tortib olamiz. Shuncha masofadan chiqadigan chuchuk suvda ham hikmat koʻp. Bundan tashqari iqlim ham tarvuz yetishtirishga juda mos. Nasib etsa, 1 gektar yerdan kamida 30 tonna tarvuz uzishni moʻljallayapman. Daromadimiz kamida 80 mln soʻmdan oshadi.
Oʻtamayli qishlogʻi ertagi tarvuz yetishtirish orqali mamlakatga maʼlum va mashhur. Bu qishloqda 4800 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. 1004 ta xonadon bor. Ahamiyatli jihati shundaki, shu 1004 ta xonadonning hammasi plyonka ostida ertagi tarvuz parvarishlab, yaxshigina daromad oladi.
— Qishlogʻimiz aholisi jami 2000 gektarga teng tomorqa maydonlarida tarvuz parvarishlaydi, bu tarvuz ekmagan xonadonning oʻzi yoʻq, degani, — deydi “Oʻtamayli” MFY raisi Oybek Arziyev. — Bizda faqat ertagi emas, ertagi va kechki tarvuz, qovun, pomidor, bodring va boshqa mahsulotlar ham yetishtiriladi. Endi ertagi tarvuz haqida aytadigan boʻlsak, tarvuzga xaridor paykal boshida savdo qiladi. Shu yerning oʻzida pulini sanab berib, tarvuzni mashinaga yuklaydi. Dastlabki hosil miqdori bu yilgi sharoitda 40 ming tonnadan oshadi.
Bu — birgina bitta qishloq misolidagi raqamlar. Agar Koʻkdaladagi deyarli barcha qishloqlarda ertagi tarvuz yetishtirilishini inobatga olsak, joriy yilda ichki bozor tarvuz bilan toʻliq taʼminlanib, eksportga chiqarish imkoniyati ham ortishi ehtimolga yaqin.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring