Serdaromad tarmoq nega rivojlanmadi?
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qamashi tumanida uy sharoitida kurka boqib, faoliyatdan yaxshi daromad olayotgan oilalar koʻp. Hudud aholisining bu boradagi tajribasi eʼtiborga olingan holda, 2017-yilda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB moliyaviy koʻmagi ostida tumanda kurkachilikni yanada rivojlantirish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi. Prezidentimiz 2017-yil 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu loyihani maʼqullab, uni amalga oshirish boʻyicha masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
Shunga asosan “Azza parranda servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan loyihani amalga oshirish boʻyicha ishlar boshlandi. Tadbirkorga zarur bino-inshootlarni qurish, ozuqa bazasini yaratish uchun tuman hududidan 300 gektardan ziyod yer ajratib berildi. 2018-yilda esa tadbirkorning 13 milliard 40 million soʻm miqdoridagi oʻz mablagʻi hamda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Qashqadaryo mintaqaviy filialining 29 milliard soʻm miqdoridagi bank krediti hisobiga shakllangan loyiha toʻliq ishga tushirilib, majmuada zotdor kurka turlarini boqish yoʻlga qoʻyildi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 29-iyuldagi “2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori esa bu borada yana bir muhim qadam boʻldi. Qarorda 2019-2020-yillarda “Azza parranda servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tasarrufida kurka goʻshtini qayta ishlash loyihasini roʻyobga chiqarish va eng asosiysi, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBga tumanda kurkalar sonini 1 million boshga yetkazish maqsadida hududdagi 6 ming xonadonga 600 ming bosh kurka yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishini taʼminlash vazifasi yuklatildi.
Albatta, oʻsha vaqtda bu loyihalar bilan tanishgan kishi tez orada hududda kurkachilik yanada rivojlanib ketishini tasavvur etishi qiyin emasdi. Biroq unday boʻlmadi. Toʻgʻri, belgilangan qurilish ishlari amalga oshirildi. Zarur texnologiyalar oʻrnatildi, xorijdan zotdor kurka joʻjalari olib kelinib, ularni boqish yoʻlga qoʻyildi. Ammo natija koʻzga koʻrinmadi. Oʻtgan yili esa korxona butunlay faoliyatini toʻxtatdi. Shu asnoda Hukumat qarori bilan belgilangan 6 ming xonadonga 600 ming bosh kurka yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish vazifasi ham amalga oshmasdan qolib ketdi.
Biz oʻsha paytda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Qashqadaryo mintaqaviy filiali rahbari boʻlib ishlayotgan Oybek Hayitovga murojaat qilib, loyihaning nega kutilgan samarani bermagani, tadbirkor bankdan olgan imtiyozli kreditlarining taqdiri qanday kechgani haqida soʻradik.
— Toʻgʻri, Prezidentimiz 2017-yil fevral oyidagi viloyatimizga tashrifi chogʻida Qamashi tumanida kurkachilik kompleksini ishga tushirish boʻyicha topshiriq bergan edi, — deya javob berdi u. — Bank tomonidan belgilangan vazifalar toʻliq amalga oshirildi. Biz tadbirkorga kreditni oʻz vaqtida berdik, u majmuani qurib, loyihani ishga tushirdi ham. Lekin keyinchalik ishni yurita olmadi.
Shuningdek, bank masʼullari Hukumat qarori bilan belgilangan, 6 ming xonadonga 600 ming bosh kurka xarid qilish uchun berilishi kerak boʻlgan imtiyozli kreditning aholiga nega berilmaganini ham “Azza parranda servis” MCHJning muvaffaqiyatsiz faoliyati bilan asosladi.
Ularning tushuntirishicha, bu loyiha ham “Azza parranda servis” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning keyingi bosqichi sifatida bajarilishi, yaʼni “Azza parranda servis” MCHJda koʻpaytirilgan kurkalar aholiga imtiyozli kredit asosida olib berilishi reja qilingan. Biroq “Azza parranda servis” MCHJ loyihani toʻxtatgach, bu vazifa amalga oshmay qolib ketgan.
Oradan yana maʼlum muddat oʻtdi. Bir paytlar davlat rahbariga tumanning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim loyiha sifatida taqdim qilingan, juda katta moliyaviy qoʻllab-quvvatlov evaziga ish boshlagan yirik majmua ayni paytda huvullab yotibdi. Tashlandiq bir makonga aylanib qolgan.
Biz majmuaning endigi taqdiri qanday kechishi, tadbirkorga berilgan kreditlar bilan bogʻliq jarayonlar qanday yakun topgani haqida masʼullardan izoh soʻradik, biroq aniq bir javob boʻlmadi.
Bilganimiz shuki, tadbirkor kreditni qaytarmagan. Buning imkoni ham yoʻq. Zararni qoplash uchun esa “Azza parranda servis” MCHJning kurkachilik majmuasi bank balansiga olingan. Bir yildan buyon bankning rasmiy saytida – “E-auksion” savdosi asosida sotiladigan mulklar roʻyxatida turibdi. Narxi 36 milliard soʻmdan oshiq boʻlgan bu binoga hali xaridor chiqqani yoʻq.
Achinarli jihati, birgina ana shu loyihaning muvaffaqiyatsizlikka yuz tutishi ortidan Qamashida kurkachilikni rivojlantirish boʻyicha Prezident topshirigʻi, Hukumat qarori bilan belgilangan vazifalar amalga oshmadi. Tarmoqda yaratilishi kerak boʻlgan minglab ish oʻrinlari yaratilmasdan qolib ketdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring