Sentob va Langarda poʻlat arqonli dor yoʻllar quriladi

13:24 15 Fevral 2021 Iqtisodiyot
5482 0

Yoʻl tortib kelgan mehmon sarf etgan vaqti va mablagʻiga achinmasin. Bugun sayyohlik industriyasining qatʼiy talabi bu. Xalqning manzirati har qancha yuqori boʻlmasin, turizm infratuzilmasi xalqaro talablarga mos kelmas ekan, hududning sayyohlik jozibadorligini taʼminlash mushkul.

Mamlakatimiz Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan respublikamizda turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligini yana-da oshirish, maqbul, qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratishning kechiktirib boʻlmas vazifalari belgilandi.

Xususan, Farmon bilan turoperator, tur agent va joylashtirish vositalariga 2021-yil 31-dekabrga qadar foyda soligʻi stavkasini 50 foizga kamaytirish, ularni yer va mol-mulkka solinadigan soliqdan ozod qilish va ijtimoiy soliq stavkasi bir foiz qilib belgilash hamda tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qoʻllashni toʻxtatish, turoperatorlar uchun tegishli shartlarda avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha qisman subsidiyalash tizimi joriy etiladi.

— Albatta, Farmondagi imtiyoz va preferensiyalar viloyatimizda ham turizm jozibadorligini oshirishda muhim omil boʻladi, — deydi viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshligʻi Javlon Hasanov. — Eng muhimi, dunyoda Oʻzbekistonimizning ham investitsiyaviy, ham ziyorat jozibadorligini oshiruvchi milliy brend yaratilib, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi yana-da kuchayishi orqali yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Oʻz navbatida bu iqtisodiy salohiyat va xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qiladi. Birgina misol, oʻtgan yili viloyat boʻyicha umumiy qiymati 25,8 milliard soʻmlik 10ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish tufayli 90ta yangi ishchi oʻrni yaratildi. Yana umumiy qiymati 115 milliard 22ta loyiha esa joriy va 2022-yillarda amalga oshiriladi.

Xususan, Qiziltepa tumanidagi Toʻdakoʻl suv ombori, Nurota tumanidagi Aydarkoʻl suv havzalari sohillarida kichik turizm zonalari tashkil etilsa, transport yoʻnalishlarini kengaytirish, xizmatlar sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targʻib qilish, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash hamda “Oʻzbekiston turizm magistrali” tashkil etish va rivojlantirish maqsadida M-37 avtomagistral yoʻlida “Hunarmandlik markazi”, mehmonxona, dam olish maskani “Tir park” barpo etish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Qoʻshimcha qilish joiz, mamlakatimiz Prezidentining Farmoni va sohaga alohida eʼtibori turizmda yangi-yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqarishga shart-sharoit yaratadi. Chunonchi, Nurota tumanidagi Sentob qishlogʻi, Xatirchi tumanidagi Angidon, Langar qishloqlariga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” maqomini berish orqali mazkur hududlarda “hovli turizmi” yoʻlga qoʻyiladi. Sayyohlarning bunda chorvachilik, dehqonchilik bilan shugʻullanib, dam olishlari taʼminlanadi. Shuningdek, Navoiy kon metallurgiya kombinatining «Auminzo — Amantoy» hamda «Daugiztov» konlari hududida konchilik ishlariga xalal bermagan holda geosayohat va sanoat turizmini tashkil qilish, sayyohlarga konlardagi portlatish ishlarini tomosha qilish va dam olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish rejalashtirilmoqda.

— Rejamizdagi eng yirik loyihalarimiz bu shubhasiz, Nurota tumanining Sentob qishlogʻi va Xatirchi tumanining Langar qoʻrgʻonida poʻlat arqonli dor yoʻllarini qurish va mazkur hududlarda yil oʻn ikki oy faoliyatni yoʻlga qoʻyishni tashkil etishdir, — deydi J. Hasanov. — Bundan tashqari Navoiy shahridagi I.Karimov koʻchasida “Turizm”, Abdurahmonov koʻchasida esa “Gastronomik turizm koʻchasi”ni tashkil etish belgilangan. Bu oʻz-oʻzidan viloyatning turizm obyektlari ziyoratgohlar atrofida halol turizm talablariga javob beradigan oilaviy mehmon uylarini tashkil qilish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yoʻl infratuzilmalarini yaxshilash, turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish, modernizatsiya ishlarini olib borishni taqozo etadi.

Muxtasar qilsak, xalqimiz mehmondoʻst, mehmon — sayyohlarni kutishga shart-sharoitlarning xalqaro andozalarga moslashtirilishi esa uning jozibadorligini yana-da oshirishi shubhasiz.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер