Senatorning uchrashuv va oʻrganishlari samarali kechdi

11:33 18 Noyabr 2025 Jamiyat
160 0

Oliy Majlis Senati aʼzosi Husan Ermatov Baxmal tumanidagi 4,5,69 va 79-umumtaʼlim maktablari hamda 1-politexnikum oʻquvchi va oʻqituvchilari, shuningdek, aholi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Politexnikum majlislar zalida toʻplanganlarga Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, Prezidentimizning AQSHga tashrifi yakunlari, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkent shahrida oʻtkazilgan sammiti haqida batafsil axborot berildi.

Mazkur uchrashuvlar oʻquvchi yoshlar qalbida uzoq yillar saqlanib qolishiga shubha yoʻq. Chunki senator har bir oʻquv dargohida 500 tadan adabiy kitob sovgʻa qildi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan rang-barang kitoblarda oʻzbek va xorij adiblarining soʻnggi yillarda yozgan asarlari, yosh qalamkashlarning birinchi kitoblari, jahon va oʻzbek adabiyoti durdonalari, Vatanimiz tarixiga oid koʻplab qiziqarli asarlar oʻrin olgan.

Yana bir esda qolarli holat: Uchrashuvda oʻzining yakuniy mulohazalarini bildirgan senator oʻquvchi yoshlarga murojaat qilib, kimki respublika fan olimpiadalarida 1-oʻringa sazovor boʻlsa, bu oʻquvchining oʻziga va uning ustoziga alohida mukofot taʼsis etganini eʼlon qildi. Aslida bu qarorga xalq vakili ayni uchrashuv chogʻida olgan ishtiyoq va taassurotlari taʼsirida kelganiga shubha yoʻq. Darhaqiqat, baxmallik oʻquvchilarning bilimga chanqoqligi, oʻz kelajaklariga jiddiy eʼtibor bilan qarashi tadbirda ishtirok etgan har insonni toʻlqinlantirgani ham rost.

Shu kunning oʻzida senator Oʻsmat shaharchasini ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida bu yerda bunyod etilgan suv tozalash va tarqatish inshootida boʻldi. Yaqinda Oliy Majlis Senatida mazkur inshootdan Oʻsmat shaharchasida istiqomat qiluvchi 30 mingga yaqin aholiga suv tarqatish tizimlarini taʼmirlash uchun Davlat byudjetidan 30 mlrd soʻm ajratish masalasi koʻtarilgan va bu masala mutasaddi idoralar kun tartibiga kiritilgan edi. Maʼlum boʻldiki, ushbu soʻrov boʻyicha dastlabki mablagʻlar kelib tushgan va ish boshlangan.

Senator navbatdagi obyekt — Oʻsmat shaharchasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga berilgan 10 ta uyda yaratilgan sharoitlarni ham oʻrgandi. Senator mutasaddilar bilan birgalikda ayrim kamchiliklarni joyida koʻrib chiqdi, tuman hokimining oʻrinbosari bilan ularni tez fursatda bartaraf etishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?