Senatda Vengriya parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

23:02 05 Sentyabr 2025 Siyosat
137 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Vengriya Milliy majlisi Raisi oʻrinbosari Ishtvan Yakаb boshchiligidagi Vengriya parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi munosabatlar soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarilgani, ikki mamlakat oʻrtasida strategik sheriklik va ishonchga asoslangan samarali hamkorlik rivojlanayotgani taʼkidlandi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik, qurilish, fan, taʼlim, innovatsiyalar va turizm sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Transport va logistika tizimini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlik va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Jumladan, ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Tomonlar ilmiy muassasalar oʻrtasidagi sheriklikni rivojlantirish, professor-oʻqituvchilar va yosh olimlar oʻrtasida tajriba almashish boʻyicha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladilar.

Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash muhim yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi. Qonun chiqaruvchi organlar oʻrtasidagi muntazam muloqot va delegatsiyalar almashinuvi davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlashga hamda ikki tomonlama munosabatlarni barqaror rivojlantirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Tomonlar qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, qoʻshma loyihalarda ishtirok etish va parlamentlararo muloqotni mazmunan boyitishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Vengriya parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida parlamentlararo doʻstlik guruhlari faoliyatini faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер