Senatda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlardagi elchilarining hisobotlari eshitildi

12:16 24 Sentyabr 2025 Siyosat
166 0

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekistonning Qozogʻiston, Tojikiston, Afgʻoniston va Pokistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Taʼkidlanganidek, elchixonalar oʻz faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida qabul qilingan “yoʻl xaritalari”ni ijro etish, investitsiyalarni jalb qilish, milliy mahsulotlar eksportini oshirish, xorijiy turistlarning mamlakatimizga qiziqishini oshirish, xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish kabi yoʻnalishlarda amalga oshirayotgani qayd etildi.

Yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini oʻrnatish va mustahkamlash, Markaziy Osiyoda doʻstona hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksportni oshirish va Oʻzbekistonning xalqaro imijini mustahkamlash Prezidentimiz tomonidan tashqi siyosatimizning asosiy maqsadi etib belgilab berilganiga eʼtibor qaratildi.

Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik, sheriklik va barqaror taraqqiyot mintaqasiga aylangani alohida taʼkidlandi. Xususan, davlatimiz saʼy-harakatlari natijasida Markaziy Osiyoda oʻzaro savdo, investitsiyalar, eksport va transport tashuvlari hajmi 5 baravarga koʻpaygan. Shuningdek, qoʻshni mamlakatlar bilan qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari tashkil etish, chegaraoldi hududlarida savdo va sanoat zonalari yaratish, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga ham ustuvorlik berilayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, Afgʻoniston va Pokiston bilan yirik iqtisodiy, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xalqaro transport va energetika yoʻlaklarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Majlisda soʻzga chiqqanlar xorijiy mamlakatlarda vaqtincha boʻlib turgan vatandoshlarimizning, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarimizga sifatli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish, xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirishni faollashtirishga eʼtibor qaratdi.

Diplomatik vakolatxonalarning faoliyati samaradorligini oshirishda hamda masalalarni hal etishda oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, ularning mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar hamda mahalliy Kengashlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashini tashkil etish va yoʻlga qoʻyish zarurligi alohida qayd etildi.

Majlis yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер