Senatda Oʻzbekistonning qator elchilari oʻz faoliyati haqida hisobot berdi

21:33 09 Dekabr 2025 Siyosat
364 0

Joriy yilning 9-dekabr kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekistonning Indoneziya, Malayziya, Saudiya Arabistoni Singapur va Yaponiyadagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Qayd etilganidek, elchilarning faoliyati asosan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida imzolangan “yoʻl xaritalari” ijrosini taʼminlash, investitsiyalarni jalb etish, milliy mahsulotlar eksportini kengaytirish, xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratildi.

Xususan, mamlakatimizning Indoneziya bilan munosabatlarida energetika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va transport-kommunikatsiya yoʻnalishlarida qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda. Malayziya bilan sanoat kooperatsiyasi, raqamli iqtisodiyot va yuqori texnologiyalar sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda.

Saudiya Arabistoni bilan neft-gaz kimyosi, energetika, infratuzilma va haj turizmi kabi strategik yoʻnalishlarda ikki tomonlama hamkorlik rivojlanmoqda. Oʻzbekistonning Singapur bilan moliya, logistika, innovatsion ekotizimlar hamda shaharsozlik sohalarida sheriklik aloqalari izchil kengayib bormoqda.

Oʻzbekistonning Yaponiya bilan aloqalari doirasida “yashil iqtisodiyot”, mashinasozlik, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Majlisda senatorlar diplomatik faoliyat samaradorligini oshirish, tashqi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, turizm sohasida yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha aniq takliflarini bildirdi.

Muhokama yakunida tegishli tavsiya va xulosalar qabul qilindi hamda ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер