Senatda Oʻzbekistonning qator elchilari oʻz faoliyati haqida hisobot berdi

19:23 22 Oktyabr 2025 Siyosat
241 0

Joriy yilning 22-oktyabr kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekistonning Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Hindiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari oʻz faoliyati haqida hisobot berdi.

Muhokama davomida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida imzolangan “yoʻl xaritalari” ijrosini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, investitsiya va savdo aloqalarini kengaytirish, energetika, sanoat, qurilish va qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, turizmni rivojlantirish hamda xorijdagi vatandoshlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritildi.

Taʼkidlanganidek, hozirgi vaqtda Oʻzbekistonning Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Hindiston bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, sanoat, innovatsiya sohalaridagi koʻp qirrali hamkorligi tobora kengayib bormoqda. “Yashil iqtisodiyot”, “aqlli shaharlar” va ziyorat, tibbiyot va ishbilarmonlar turizmi kabi muhim yoʻnalishlarda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda istiqbolli yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimizning ushbu davlat bilan iqtisodiyot, moliya, energetika, taʼlim, transport, logistika, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va axborot texnologiyalari kabi muhim sohalardagi oʻzaro hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalardan kelib chiqib, elchixonalar har bir sohani rivojlantirish uchun zamonaviy, innovatsion va raqamli texnologiyalardan hamda sunʼiy intellektdan samarali foydalanish boʻyicha tegishli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, startap loyihalarni, IT-parklar va ilmiy-oʻquv laboratoriyalarini qoʻllab-quvvatlash hamda sunʼiy intellekt klasterini amaliyotga joriy etish boʻyicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va xorijiy hamkorlarni jalb qilishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Majlis yakunida senatorlar tomonidan diplomatik vakolatxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, tashqi iqtisodiy hamkorlik hamda turizmni jonlantirish, hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shu jumladan xorijda koʻrgazmalar va savdo uylarini koʻllab-quvvatlash orqali eksport hajmini oshirish kabi qator takliflar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер