Senatda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari raislari hamda hokimlar uchun oʻquv seminarlari davom etmoqda

09:54 23 Yanvar 2026 Siyosat
189 0

Oliy Majlis Senatida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari raislari hamda hokimlar uchun oʻquv seminarlari davom etmoqda.

22–24-yanvar kunlari oʻtkaziladigan seminarlar Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridan kelgan tinglovchilarni qamrab olgan.

Oʻquv seminarlarining asosiy maqsadi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, mahalliy vakillik va ijro organlarining bahamjihatlikda ishlab, aholining muammolarini birgalikda hal qilish koʻnikmalarini shakllantirish, rahbarlarning boshqaruv madaniyatini oshirish hamda aholi bilan ishlash sifatini yaxshilashdan iborat.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva oʻz kirish soʻzida joylardagi rahbarlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va masʼuliyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Mashgʻulotlar davomida tinglovchilarga hokimiyatlar boʻlinishi tamoyilini mahalliy darajada taʼminlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, tuman (shahar) Kengashi raisi maqomi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish muammolari va ularni hal etish yoʻllari, Kengashning hokimlar bilan oʻzaro munosabatlariga oid 20 ga yaqin mavzularda maʼruzalar va amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi.

Seminarlar mobaynida tuman (shahar) Kengashining ish tartibi, ish rejasini shakllantirish, Kengashda mansabdor shaxslarning hisobot (axborot)larini eshitish, Kengash raisining partiya guruhlari, doimiy komissiyalar bilan hamkorligi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash usullari, Kengash qarorlarini qabul qilishda qonuniylikni taʼminlash, murojaatlar bilan ishlash, okruglarda deputatlarning fuqarolar qabullarini tashkil etish, deputatlarning odob-axloq qoidalariga rioya etishi, Kengash faoliyatida raqamli texnologiyalarni qoʻllash bilan bogʻliq muhim masalalarga eʼtibor qaratilmoqda.

Shuningdek, tinglovchilar qaror qabul qilishda qonuniylikni taʼminlash, aholi bilan muloqot qilish, jamoatchilik fikrini hisobga olish, tahlilga tayanish, mahalliy muammolarni hamkorlikda joyida va oʻz vaqtida hal etish, aholi murojaatlari bilan ishlashda ochiqlik va samaradorlikni taʼminlash borasida oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy boshqaruvda raqamli platformalardan foydalanish, elektron hukumat tizimi orqali xizmatlar sifatini oshirish, maʼlumotlar bazalari bilan ishlash, tahliliy hisobotlar tayyorlash kabi muhim jihatlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Seminarlar doirasida ishtirokchilar amaliy mashgʻulotlar orqali oʻz faoliyatida uchrayotgan muammolar boʻyicha yechim topish, oʻzaro tajriba almashish kabi yoʻnalishlarda interfaol usullardan foydalanmoqda.

Uch kun davom etadigan oʻquvlar natijasida tinglovchilar oʻz hududlarida islohotlarni samarali amalga oshirish, aholi manfaatlariga xizmat qiladigan qarorlar qabul qilish, hisobdor va ochiq boshqaruvni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzlarining bilimlarini oshiradi va amaliy koʻnikmalarini mustahkamlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?