Senatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi

10:00 24 Oktyabr 2025 Siyosat
182 0

Joriy yilning 23-oktyabr kuni Oliy Majlis Senati huzurida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan 2025-yilda aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ijrosi muhokama etildi.

Muhokama jarayonida ishchi guruh tomonidan oʻtgan davr mobaynida chora-tadbirlar rejasi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, shu jumladan, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga qaratilgan faoliyati tahlil qilindi, soha mutaxassislari hamda amaliyotchi olimlarning fikrlari eshitildi.

Taʼkidlanganidek, aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish borasida bugungi kunga qadar muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, “E-learning” elektron taʼlim platformasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Ochiq maʼlumotlarga kirish” hamda “Ochiqlik boʻyicha davlat siyosati” mavzularida 2 ta onlayn kurs yoʻlga qoʻyildi. Ushbu kurslarni 119 ta tashkilotdan 697 nafar xodim tamomladi va ularga sertifikatlar topshirildi.

Davlat xaridlari jarayonida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash yuzasidan 52 ta davlat xaridi operatori, 418 ta davlat buyurtmachisi hamda 1 115 ta tadbirkorning ishtirokida soʻrovnoma oʻtkazildi.

Ilgʻor xorijiy tajriba oʻrganilib, Finlyandiya Respublikasi Adliya vazirligining mahalliy hokimliklarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha uslubiy qoʻllanmasi oʻzbek tiliga tarjima qilindi va komplaens xizmatlari faoliyatiga tatbiq etish bilan bogʻliq ishlar amalga oshirildi.

Oliy taʼlim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” sarlavhasi yaratildi. Uning doirasida turli mavzularda 2 328 dan ortiq targʻibot materiallari va maʼlumotlar joylashtirildi. Oliy taʼlim muassasalarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida #Stop_korrupsiya xeshtegi ostida 778 marotaba chellenjlar oʻtkazildi.

Muhokamada ishtirokchilar tomonidan bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb masala ekanligi bois aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish masalalari qonunchilikda oʻz aksini topishi hamda tezroq amaliyotga tatbiq etilishi yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilayotgani qayd etildi.

Yigʻilish yakunida ishchi guruh aʼzolari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olinib, chora-tadbirlar rejasining ijrosini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlashga qaratilgan ishlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?