Senatda Fransiyaning Oʻzbekistondagi yangi Elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

20:04 29 Sentyabr 2025 Siyosat
368 0

Bugun, 29-sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Fransiyaning yaqinda oʻz vazifasini bajarishga kirishgan Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ualid Fuk bilan uchrashdi.

Senat Raisi diplomatni Oʻzbekistondagi vazifasini boshlagani bilan tabrikladi hamda uning professional tajribasi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi. Bunga oliy darajadagi muntazam tashriflar, shuningdek, iqtisodiyot va investitsiyalardan tortib, taʼlim va madaniyatgacha boʻlgan keng koʻlamli sohalarni qamrab olgan imzolangan kelishuvlar xizmat qildi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik konstruktiv tarzda davom etayotgani, ikki tomonlama tashriflar va parlament aʼzolarining xalqaro forumlardagi ishtiroki hisobiga mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan tegishli qoʻmitalar va parlamentlararo “doʻstlik guruhlari” oʻrtasidagi muloqotni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalarida ikki tomonlama hamkorlik loyihalari ijobiy xususiyat kasb etganini qayd etildi. Madaniyat va madaniy merosni asrash, tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilishda hamkorlik loyihalarini va tajriba almashinuvni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, turizm sohasining turli yoʻnalishlarida talabalar uchun maxsus dasturlarni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер