Senat Raisi YUNISEFning mintaqaviy direktori bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

15:58 09 Oktyabr 2023 Siyosat
518 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva  mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamgʻarmasining (YUNISEF) Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va YUNISEF oʻrtasidagi hamkorlikning muhim jihatlari koʻrib chiqildi, aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan takliflar muhokama qilindi. 

Keyingi yillarda Oʻzbekistonning BMT institutlari, xususan YUNISEF bilan munosabatlari faollashgani, mamlakatimizda qator yirik qoʻshma tadbir va loyihalar amalga oshirilayotgani, bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularning sifatli taʼlim-tarbiya olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar samarasini taʼminlashda tuzilmaning oʻrni alohida ekani qayd etildi. 

Muloqot davomida  perinatal salomatlik, bolalar oʻsishi hamda rivojlanishi holatini oʻrganishga oid 2024-2025-yillarda Oziqlanish boʻyicha ikkinchi milliy tadqiqotni oʻtkazish, bolalarda irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, shuningdek, bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish borasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.  

Taʼlim, inklyuziv taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlarining huquqiy-institutsional asoslarini takomillashtirish borasida ham fikr almashildi.

YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida multiindikator klaster kuzatuvlarini oʻtkazish qamrovini yanada kengaytirish hamda ushbu tadqiqotga mutasaddi davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini yanada keng jalb qilish yuzasidan saʼy-harakatlarni birlashtirishga kelishildi. Shuningdek, BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ijro etish boʻyicha milliy harakatlar rejasini yaqin fursatda qabul qilish zaruratiga ham alohida eʼtibor qaratildi. 

Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonning YUNISEF bilan konstruktiv hamda samarali hamkorligini amaliy loyihalar bilan mustahkamlashga kelishib olindi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?