Senat Raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasining bir qator tuman va shaharlarida bo‘lib, aholi bilan uchrashdi

01:53 27 Aprel 2023 Siyosat
668 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri, Chimboy, Kegeyli va Xo‘jayli tumanlarida mahalla raislari, mahalliy Kengash deputatlari, tadbirkorlik subyektlari, fermerlar, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari, profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar faollari, nuroniylar, ijodkor va kashfiyotchi o‘quvchi yoshlar hamda talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuvlarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar, ushbu jarayonlarda jamoatchilik nazorati, mahalliy Kengash deputatlarining faol ishtiroki, xalq oldidagi hisobdorlik, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar, xususan, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyati, uni ishlab chiqishga sezilgan ehtiyoj, unda aholi takliflarining aks ettirilgani haqida so‘z bordi.

Xususan, Senat Raisi tuman va shahar Kengashlari deputatlari, senatorlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda Senat va mahalliy Kengashlarning hamkorlikda ish olib borishi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasiga kiritilayotgan yangi normalar, jumladan davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi aniq qilib belgilab qo‘yilayotgani, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida aks ettirilayotgani va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, T.Narbayeva Chimboy va Kegeyli tumanlarida “Baxtli”, “Quyoshli”, “Xalqaobod, “Gujim terek” mahallari aholisi, nuroniylar, ko‘chaboshilar va mahalla beshligi bilan uchrashdi, “Aktubatekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishib, mehnat jamoasi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Bundan tashqari, Senat Raisi Qoraqalpoq davlat universitetiga tashrifi chog‘ida talabalar turar-joyida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida universitetda tahsil olayotgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini takliflari ham eshitilib, o‘rtaga tashlangan masalalar Senat Raisining nazoratiga olindi.

T.Narbayeva talabalar turar-joyida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan maxsus xonalar, to‘garak mashg‘ulotlari holatini ko‘zdan kechirdi. U yerda xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan tikuv xonasida faoliyat yurituvchi talaba-qizlarning faoliyati bilan tanishib, ularning o‘qishi va kelgusi ishlarida omad tiladi. Yotoqxonadagi talaba yoshlar bilan suhbat davomida esa, volontyorlar bilan suhbatlashib, ular tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarni ijobiy baholadi.

Bundan tashqari, yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilgan normalar, xususan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi davlatning oldiga qo‘yilgan muhim vazifalardan biri sifatida Bosh qomusimizga kiritilgani alohida e’tirof etildi. O‘z navbatida, yoshlar bundan juda ham mamnun ekanligini bildirib, el-yurt taraqqiyoti uchun yaxshi bilim olish, kasblarni puxta o‘rganish orqali o‘z hissasini qo‘shishlarini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, tashrif doirasida Senat Raisi texnopark, monomarkaz, maktabdagi kasb-hunarga o‘qitish markazi, baxshichilik maktabi, hunarmandlar uyida ham bo‘lib, ijodkor va kashfiyotchi yoshlar, hunarmand oilalar bilan uchrashdi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xolidan xabar oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?