Senat qonunchilikka muhim o‘zgarishlar kirituvchi qonun loyihalarini ma’qulladi

21:33 03 May 2023 Siyosat
2771 0

Foto: «Xalq so‘zi»

2023 yil 3 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirqinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Yalpi majlis kun tartibiga muvofiq senatorlar tomonidan dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonunga asosan daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda. Bundan tashqari, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida ushbu huquqbuzarliklarni takror sodir etilgan uchun o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish choralari belgilanmoqda.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mazkur Qonun bilan tadbirkorlik sub’yektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki olib qo‘yganlik yoxud ortiqcha undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Xususan, Qonunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larini tadbirkorlik sub’yektlarining roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pulni o‘z vaqtida qaytarmaslik holati bo‘yicha aybdorga bazoviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinishi qayd etilmoqda. 

Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Barcha Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер