Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish — zamon talabi

19:15 25 Noyabr 2021 Jamiyat
231 0

Foto: Халқ сўзи

Chirchiq shahrida anʼanaviy hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boʻlib oʻtmoqda. Tarmoqlararo va hududiy korxonalar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi hamkorlar topish, buyurtmalar portfelini shakllantirish kabi dolzarb masalalar yechimi kutilayotgan koʻrgazmada 978 nafar mahalliy ishlab chiqaruvchilar 4 ming 421 turdagi mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Koʻrgazmaning birinchi kunida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “Oʻzmetkombinat”, “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzeltexsanoat”, “Oʻzqurilishmateriallari” kabi bir qator yirik ishlab chiqaruvchilar mahalliylashtirish va kooperatsiya dasturi boʻyicha taqdimot oʻtkazdi.

— Koʻrgazmada 160dan oshiq mahsulotlarimiz namoyish etilyapti, - deydi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Mahalliylashtirish boʻlimi boshligʻi Kozimjon Jumaboyev. — Tadbirdan kutilayotgan asosiy natijalarimiz kombinat bugungacha xorijdan import qilayotgan ayrim turdagi mahsulot va xomashyolarni mahalliy ishlab chiqaruvchilarga tanishtirib, kelajakda ularni hududiy korxonalarda ishlab chiqarishga erishishdan iborat. Agar bu borada umumiy kelishuvga erishsak, kombinat import qilayotgan mahsulotlar hajmi keskin kamayib, xomashyo tannarxi arzonlashadi hamda yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

— Koʻrgazmaga 8 xildagi “Eldosh” rusumli yuk tashuvchi mototsikllarini olib kelganmiz, - deydi “Elxolding” IICHB savdo va marketing boʻlimi rahbari Shohrux Qurbonov. — 2021-yildan boshlab ishlab chiqarilayotgan yangi turdagi elektr dvigatelli, zamonaviy texnikalarimizga qiziqish ortayaptyai. Bu mototsikllar fermer xoʻjaliklari, issiqxona egalari, parrandachilik va baliqchilik xoʻjaliklari uchun qulay va kamxarj hisoblanadi. Bugunning oʻzida turli tadbirkorlik subyektlari bilan 210 million soʻm miqdoridagi shartnolmalar imzolashga erishdik.

Quyi Chirchiq tumanida faoliyat yuritayotgan “SANFA Engineering” korxonasi mahsulotlari kamyobligi va xaridorgirligi bilan ajralib turadi. Koʻrgazmada korxona yangi turdagi taqdimotlari bilan qatnashmoqda.

— Asosiy faoliyatimiz qayta ishlashga yoʻnaltirilgan. Masalan, aholi foydalangan yelim suv idishi(baklashka)ni kukun holiga keltirib, undan tola olamiz va notoʻqima material ishlab chiqaramiz. Ular mamlakatimizda kamyob sanalib, ayniqsa, qurilish industriyasida keng foydalanilmoqda. Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan barcha ishlab chiqarish jarayonlarimizda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash koʻlami kun sayin kengaymoqda. Korxonamiz jamoasi ichki bozorni toʻliq taminlab, yaqin qoʻshni davlatlarga eksport qilish rejasini ham uzviy bajarmoqda, - deydi korxona direktori oʻrinbosari Bobur Artikxodjayev.

Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida “Chirchiqmash”, “Osiyo mashinaqurilish korxonasi” kabi ilgʻor texnologiyalar asosida tayyorlangan zamonaviy texnikalar, uskunalar bilan ichki va tashqi bozorni taʼminlashga erishayotgan jamoalarning ish tajribasi keng oʻrganilmoqda.

Sanoat koʻrgazmasi 26-noyabr kuni oʻz ishini davom ettiradi.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?