SamDUda COSPAR va NASA tashkilotlari hamkorligida xalqaro seminar oʻtkazilmoqda
Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida YUNESKO ning Koinot tadqiqotlari qoʻmitasi (COSPAR — Committee on Space Research), NASA (AQSH Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi), ISWI (Kosmik ob-havo xalqaro tashkiloti, Fransiya), SCOSTEP (Quyosh-Yer fizikasi boʻyicha ilmiy qoʻmita, AQSH), URSI (Xalqaro radiotexnika ittifoqi, Belgiya) bilan hamkorlikda “COSPAR Capacity Building Workshop” xalqaro ilmiy seminar oʻtkazilmoqda.
Nufuzli anjumanning asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlar olimlari tomonidan kosmik maʼlumotlardan ilmiy maqsadda foydalanishni ragʻbatlantirishdan iborat.
Xalqaro seminarda AQSH, Fransiya, Hindiston, Shveysariya, Ispaniya kabi davlatlardan 10 dan ortiq olimlar maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Xalqaro ilmiy seminar dasturi doirasida maʼruza va amaliy mashgʻulotlar dunyoning yetakchi ilmiy markazlari professorlari, Nat Gopalsvamy (NASA, Goodard Space Flight Center (GSFC)), Seiji Yashiro (NASA, GSFC), Pertti Makela (NASA, GSFC), Nandita Srivastava (Physical Research Laboratory, India), Kathiravan Chidambaram (Indian Institute of Astrophysics, India), Christian Monstein (IRSOL, Switzerland), Javiyer Bussons Gordo (University of Alcala, Spain), Vageesh Mishra (Indian Institute of Astrophysics, India) tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ikki hafta davom etishi belgilangan seminarda magistr, doktorant va tadqiqotchilardan jami 40 nomzod tinglovchi sifatida saralab olingan. Shundan, 20 tasi Oʻzbekistonlik boʻlib, qolgan 20 nafari AQSH, Hindiston, Turkiya, Misr, Ozarbayjon, Malayziya, Pokiston, Shri-Lanka, Jazoir, Qozogʻiston, Tojikiston kabi 11 davlat vakillaridan iborat.
Anjumanni Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Akmal Axatov kirish soʻzi bilan ochdi.
YUNESKO ning Koinot tadqiqotlari qoʻmitasi Samarqand davlat universitetida quyosh chaqnashlarini qayd qiluvchi radiospektrometr qurilmasini oʻrnatish va uni xalqaro radiospektrometrlar tarmogʻiga ulashni qoʻllab quvvatlamoqda. Bu juda muhim qurilma boʻlib, uning yordamida magnit boʻronlarining mustaqil prognozini amalga oshirish mumkin. Ayni vaqtda magnit boʻronlarining chastotasi quyosh faolligining koʻtarilish bosqichi tufayli sezilarli darajada ortganligi bu qurilmaning ahamiyatini yanada oshiradi.
Seminar davomida SamDU Yadro fizikasi va astronomiya oʻquv-ilmiy markazida muhandis olimlar tomonidan quyosh radiospektrometr qurilmasi va radioantennaning oʻrnatilishi va xalqaro tarmoqqa ulanishi rejalashtirilgan.
Sarlos Gabriyel, YUNESKO ning Xalqaro ilmiy kengashi qoshidagi Kosmik tadqiqotlari qoʻmitasi (COSPAR) raisi, professor:
— Mazkur xalqaro seminar rivojlanayotgan mamlakatlar olimlari va tadqiqotchilari uchun muhim. Chunki, COSPAR ilm-fan bilan shugʻullanish imkoniyatlarini yanada oshirishga harakat qiladi. Samarqand davlat universiteti yuqori ilmiy salohiyatga, boy moddiy texnik bazaga ega. Shuning uchun ham anjumanni Samarqandda oʻtkazishga qaror qildik. Mazkur anjuman Markaziy Osiyoda ilk bor oʻtkazilmoqda. Anjuman sabab Oʻzbekiston COSPAR ning 70 ta davlati roʻyxatiga kiritildi. Seminar yuqori saviyada oʻtmoqda.
Nat Gopalsvamy, NASA Goddard kosmik parvozlar markazi vakili, professor:
— Xalqaro seminarda kosmik ob-havo boʻyicha, yaʼni quyoshdan toj massasining chiqarilishi, koronal massa tashlanmalari natijasida yuzaga keladigan zarba toʻlqinlari haqida maʼruza qildim. Biz bu koronal massa tashlanmalarini oʻrganishimiz juda muhim, chunki ular zarracha nurlanishini va geomagnit boʻronlarni keltirib chiqarishi kabi Yerning kosmik muhitida gʻalayonlanishlarga olib keladi. Va bu gʻalayonlanishlar aslida koinotdagi inson texnologiyasiga taʼsir qiladi. Masalan, sunʼiy yoʻldoshlar zarracha nurlanishidan zarar koʻrishi mumkin. Shunday qilib, biz bu zarracha nurlanishining kelib chiqishini koronal massa tashlanmalari va zarbalarni oʻrganish orqali oʻrganamiz. Seminar juda yaxshi tashkil qilingan. Buning uchun Samarqand davlat universitetiga minnatdorlik bildiraman. Maʼruzalardan soʻng maʼlumotlarni tahlil qilish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Seminarda ishtirok etayotgan tinglovchilar kosmik tadqiqotlarning maʼlumotlarini tahlil qiladilar. Bunda NASA, ESA (Yevropa kosmik agentligi) hamda Yerdagi radio teleskop maʼlumotlaridan foydalanamiz. Ushbu maʼlumotlar tahlilini birlashtirib, Quyoshdan keladigan zarbalar haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlamiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Davron Kabulovning otasi “oʻgʻrilik” boʻyicha sudlanib, qariyb 345 mln soʻm jarimaga tortilgani maʼlum boʻldi
- Isroil va Eron nizosi yangi bosqichga chiqdi
- Sen yetim emassan: Odamiylik timsoliga aylangan oila
- Prezident yangi qaror imzoladi
- Prezidentning yangi qarori eʼlon qilindi
- Oʻzbekistonning Pokistondagi yangi elchisi tayinlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring