SamDU va Yaponiyaning Tottori universiteti olimlari fermer va tomorqa yer egalari uchun dala seminari tashkil etdi

Samarqand davlat universiteti (SamDU) va Yaponiyaning Tottori universiteti olimlarining tashabbusi bilan qurgʻoqchilik va shoʻrga chidamli noanʼanaviy ekinlarni yetishtirish, ulardan kundalik ehtiyoj uchun foydalanish boʻyicha fermer hamda tomorqa yer egalari uchun dala seminari tashkil etildi.
Mazkur dala seminari Tottori universitetining Qishloq xoʻjaligi fakulteti va SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti oʻrtasida olib borilayotgan hamkorlik doirasida amalga oshirildi.
Tadbir Tayloq tumanidagi “Turob bobo” fermer xoʻjaligida oʻtkazildi. Unda tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Jamshid Xoʻjamurodov, tuman hokimining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari Sherzod Haydarov, Tottori universitetining Qishloq xoʻjaligi fakulteti dekani professor Akashi Kinya hamda Tottori universitetining SamDUdagi vakolatxonasi rahbari, professor Kristina Toderich ishtirok etdi. Shuningdek, seminarda tumandagi fermer xoʻjaliklari rahbarlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari hamda mahalla raislarining xotin-qizlar boʻyicha maslahatchilari qatnashdi.
Seminarda noanʼanaviy ekinlar hosilidan oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash usullari bilan tanishtirish uchun Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiya instituti dotsentlari Zulfiya Sultonova va Gulmira Abdiyeva ham maʼruza qildilar. Asosiy eʼtibor ekinlarning yangi noanʼanaviy navlarini oʻziga xos iqlim moslashtirish jarayonida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, shoʻrlanish va qurgʻoqchilikka bardoshli noanʼanaviy ekinlarni fermer xoʻjaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirish tajribasini ommalashtirishga asosiy qaratildi. Ishtirokchilarga noanʼanaviy ekinlar, jumladan amarant, magar, kinoya, oq joʻxori va boshqa ekinlarning afzalliklari va ularni yetishtirish agrotexnikasi boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminarda Tottori universiteti hamda Samarqand davlat universiteti talabalari noanʼanaviy ekinlar ustida hamkorlikda olib borilayotgan tadqiqotlar yuzasidan maʼruzalar bilan ishtirok etishdi.
Seminar davomida “Turob bobo” fermer xoʻjaligi raisi, dotsent Rustam Rahimov noanʼanaviy ekinlarni yetishtirish texnologiyasi, organik mahsulot yetishtirish tajribasi, zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllash usullari va mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Tumandagi dehqon va tomorqa xoʻjaligi egalarini serdaromad, dorivor xususiyatga ega malina, smorodina, sarsabil kabi ekinlar koʻchatlari bilan bepul taʼminlab berish imkoniyatlari mavjudligini taʼkidlab, ushbu ekinlarning koʻchatlari bilan tanishtirdi.
Seminar yakunida Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan tayyorlangan “Fermer, dehqon va tomorqa xoʻjaliklarida serdaromad sabzavot ekinlarini yetishtirish boʻyicha tavsiyalar” hamda “Fermer, dehqon va tomorqa xoʻjaliklarida malina va smorodina yetishtirish boʻyicha tavsiyalar” nomli uslubiy qoʻllanmalar seminar ishtirokchilariga tarqatildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring