Samarqandlik shaxmat malikasi Zulfiyachi qizlar qatorida

17:16 05 Mart 2025 Jamiyat
142 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimizning “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mukofotlangan bir guruh iqtidorli qizlar orasida samarqandlik Afroʻza Hamdamova ham borligi barchamizni quvontirdi.

Yoshlar oʻrtasida 20-karra Oʻzbekiston chempioni, 15 karra Osiyo chempioni, 7-karra jahon chempioni boʻlgan bu qizni nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda bilishadi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

— Yurtboshimiz mening yutuqlarimni shuncha yuqori baholab Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirladi. Bundan juda mamnunman, — deydi A. Hamdamova. — Kelgusida bunday yuksak ishonchga munosib boʻlishga vaʼda beraman.

Samarqand shahridagi 42-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Afroʻza Hamdamova sportning shaxmat turi boʻyicha professional darajada shugʻullanib keladi. U FIDE sport ustozligiga nomzodlikni 2017-yilda, FIDE sport ustasini 2022-yilda, ayollar oʻrtasida xalqaro sport ustasi unvonini 2024-yilda qoʻlga kiritgan.

Yosh boʻlishiga qaramasdan keyingi 4-5 yilning oʻzida koʻpgina xalqaro musobaqalar va jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Yutuqlarining ham salmogʻi shunga yarasha.

2023-yilning 12-22-noyabr kunlari Italiyaning Montesilvano shahrida oʻtkazilgan oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida 14 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida birinchi oʻrinni egallab, xotin-qizlar orasida shaxmat boʻyicha Oʻzbekistonning birinchi jahon chempioni boʻlib tarixga kirdi.

2024-yilning 28-oktyabr — 10-noyabr kunlari Braziliyaning Florianopolis shahrida 16 yoshgacha boʻlgan shaxmatchilar ishtirokida oʻtkazilgan jahon chempionatida birinchi oʻrinni egallab, xotin-qizlar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha Oʻzbekistonning 2 karra jahon chempioni boʻldi.

Afroʻza Hamdamova shaxmatning asosiy — standart yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekistonning ayollar oʻrtasidagi birinchi va hozircha yagona jahon chempioni hisoblanadi.

— Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanib, Microsoft Office Excel, Microsoft Office Word dasturlarida ishlashda yetarlicha bilimga ega boʻldim, — deydi A. Hamdamova. — Shu bilan birga, oʻzbek tilidan tashqari fors-tojik, rus va ingliz tillarini ham oʻrgandim. Hozir xitoy, koreys va turk tillarini oʻrganyapman. Bunda menga yaqindan yordam berayotgan ustozlarimga minnatdorlik bildiraman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер