Samarqandlik maktab oʻquvchilari Janubiy Koreyada oʻqish imkoniyatini qoʻlga kiritdi

13:32 25 Fevral 2025 Jamiyat
164 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Taʼlim chegara bilmaydi. Bugungi kunda xalqaro miqyosda yuqori sifatli bilim olish imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda. Janubiy Koreyadagi “Gimcheon High School” va Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) oʻrtasida 2024-yili oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Mazkur memorandumda belgilangan vazifalarni ijro etish maqsadida SIUT tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, “temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlariga Janubiy Koreyada oʻqish imkoniyatini beruvchi tanlov tashkil qilindi. 30 dan ortiq talabgorlar orasidan IQ (zehn testi) boʻyicha yuqori natijalarni qayd etgan 5 nafar iqtidorli oʻquvchi maxsus grantga sazovor boʻldi. Bu oʻquvchilar uchun 2024-yilning iyul oyidan 2025-yilning fevraliga qadar Samarqand xalqaro texnologiya universitetida matematika, koreys va ingliz tillari boʻyicha bepul tayyorlov dasturi tashkil etildi hamda grant doirasida ularning yashashi va moddiy taʼminoti toʻliq qoplandi.

SIUTda tahsil olgan besh oʻquvchidan uch nafari 27-fevral kuni Janubiy Koreyaga joʻnab ketadi va 1-martdan boshlab “Gimcheon High School” maktabida oʻqishini davom ettiradi. Qolgan ikki nafar oʻquvchi esa sentyabr oyidan tahsilni ushbu maktabda boshlaydi.

Joriy yilning 21-fevral kuni Janubiy Koreyaning “Gimcheon High School” maktabi delegatsiyasi Samarqandga tashrif buyurdi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ushbu maktab maʼmuriyati vakillari bilan uchrashdi. Muloqot jarayonida Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari, ikki xalqning madaniyati, urf-odat va anʼanalari oʻxshashligi, taʼlim sohasidagi bugungi hamkorlik haqida soʻz yuritildi.

Uchrashuv yakunida 5 nafar oʻquvchiga “Gimcheon High School” maktabida oʻqish huquqini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi. Bu, shubhasiz, yoshlarimizga kelajakdagi muvaffaqiyatli faoliyati uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning Oʻzbekiston taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshishiga zamin hozirlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?