Samarqandda zamonaviy operatsiyalar uch baravarga oshdi

18:02 03 Fevral 2025 Jamiyat
110 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan yangilik va oʻzgarishlar aholining salomatligini sifatli davolash, ularning ogʻirini yengil qilishga qaratilgan. Bularning davlatga, jamiyatga nisbatan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

— Bugun tizimdagi yirik islohotlar, tibbiyot xodimlarining oʻtgan oʻn yillik davomidagi qator rejalarimiz roʻyobga chiqdi, — deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Suhrob Zayniyev. — Oʻtgan yilda yuqori texnologik amaliyotlar 995 tadan 3462 taga, operatsiyalar turi 151 dan 181 ga, operativ faollik 62 foizdan 67,6 foizga oshishiga erishildi. Bu uzoq yillar davomida qogʻozlardagi taklif va tashabbuslarning amaldagi inʼikosidir.

Tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida bitta oilaviy poliklinika, 4 ta oilaviy shifokorlik punktlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, ikkita mahalla tibbiyot punkti, 2020 ta mahalla tibbiyot brigadalari tashkil etilib, “xonadonbay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, viloyatda mavjud oilaviy poliklinikalarning 43 tasiga UZI, EKG apparatlari oʻrnatildi. 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yoʻlga qoʻyildi. Uchta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 3 ta oilaviy poliklinika, 16 ta oilaviy shifokorlik punktlari toʻliq taʼmirlandi. 15 turdagi asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 1 milliard 450 million soʻmlik elektron mikroskop oʻrnatilib, 35 nafar fuqaroning eshitish xususiyati tiklanishi va bu orqali nogironlik kamayishiga erishildi.

Shuningdek, onkologiya yoʻnalishida 27 turdagi ilgari bajarilmagan 5645 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Saratonni erta bosqichlarda aniqlash maqsadida oʻtgan yilda mobil mammograf uskunasi yordamida 45-65 yoshdagi 2188 nafar ayollarda tekshiruvlar oʻtkazilib, 29 holatda koʻkrak bezi saratoni erta bosqichda aniqlandi. Uch nafar bemorda autologik suyak koʻmigi oʻzak hujayralari transplantatsiyasi, 7 nafar bemorda jigar transplantatsiyasi, 98 nafarida buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

2025-yilda tibbiyot tizimidagi oʻzgarish va yangiliklar davom etadi, jumladan, 16 ta birlamchi tizim muassasalari tegishli shtat birliklarini ajratgan holda faoliyati qayta tiklanadi. Yaʼni, 5 ta oilaviy poliklinika va 11 ta oilaviy shifokorlik punktlari ochilishi rejalashtirilgan.

Ixtisoslashgan 16 ta markazda 10 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari joriy etish belgilangan. Qolaversa, 120 nafar shifokorni chet el klinikalarida oʻqitish, 100 oʻrinli bolalar tibbiy reabilitatsiya boʻlimi tashkil etish, bolalarda buyrak va koxlear, “suyak iligi” transplantatsiyasi amaliyotlarini joriy qilish boʻyicha amaliy ishlar olib borilyapti.

Shuningdek, jigar va bachadon xavfli oʻsmalarida intervension radiologik jarrohlik amaliyotlarini yoʻlga qoʻyish, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida ekstrakorporal urugʻlanish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. 400 nafar fuqaroda bepul endoprotezlash amaliyotlari bajarish hamda 108 469 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarning 6920 nafari (6.3 foizi) toʻliq va qisman reabilitatsiya bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Yaponiyaning “Sojitz Corporation” va Turkiyaning “RNS PPP Sosyal Altyapi API A.S.” korporatsiyasining toʻgʻridan-toʻgʻri kapitali evaziga Samarqand shahrida 800 oʻrinli koʻp tarmoqli klinika tashkil etish rejalashtirilgan. Toʻrtta tuman markaziy shifoxonasida xususiy tadbirkorlar hamkorligida 13,5 milliard soʻmlik davlat xususiy sheriklik yoki autsorsing asosidagi zamonaviy diagnostika markazlarini tashkil etish ishlari maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?