Samarqandda yoshlar festivali boʻlib oʻtdi

19:37 24 Iyun 2024 Jamiyat
175 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand viloyatida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali oʻtkazildi. Festival shahardagi Amir Temur, Alisher Navoiy va Mirzo Ulugʻbek haykali poyiga gullar qoʻyish bilan boshlandi.

Tadbir doirasida maktabni aʼlo baholarga tamomlagan bitiruvchilarga oltin va kumush medallari topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Bu yil Samarqand shahar maktablarini 7239 nafar oʻquvchi bitirdi. Ularning 407 nafari oltin, 20 nafari kumush medallarga sazovor boʻldi. Tadbirda oʻquvchilarning ustozlari ham qimmatbaho sovgʻa va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Festival sport musobaqalari bilan davom etdi. Jumladan, Sartepa sport majmuasida qizlar oʻrtasida badiiy gimnastika va yosh sportchilar jamoalari oʻrtasida oʻtkazilgan futbol musobaqalari gʻoliblariga diplom, medal va esdalik sovgʻalari topshirildi.

IT Park Samarqand filialida “Robotech-2024” robototexnika musobaqalari ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Samarqand davlat tibbiyot universitetida Kimyo fanidan oʻtkazilgan fan olimpiadasida viloyat boʻyicha koʻplab tumanlardan ellikka yaqin 10-11-sinf oʻquvchilari oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. Natijaga koʻra, 10-sinf oʻquvchilari oʻrtasida 1-oʻrinni Paxtachi tumani 37-maktab oʻquvchisi Zulfiyaxon Maxsiddinova, 2-oʻrinni Oqdaryo tumani 45- maktab oʻquvchisi Sevinch Maxmayusupova, 3-oʻrinni Toyloq tumani 43-maktab oʻquvchisi Sabina Axmadova qoʻlga kiritdi.

11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida 1-oʻrinni Payariq tumani 14-maktab oʻquvchisi Olovuddin Abduraimov, 2-oʻrinni Jomboy tumani 12-maktab oʻquvchisi Ogʻabek Sobirov, 3-oʻrinni Nurobod tumani 11-maktab oʻquvchisi Gulasal Xushmurodova egallab, “Viloyat hokimi fan olimpiadasi” sovrindorlariga aylandi.

Yoshlar festivalining yakuniy gala-konsertida viloyat hokimi samarqandlik yoshlarni qutladi. Tadbirda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda munosib hissa qoʻshib kelayotgan faollar taqdirlandi.

Konsert dasturi taniqli sanʼatkorlarning chiqishlari bilan davom etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?