Samarqandda viloyat hokimi va vazir ishtirokida oʻtgan yigʻilishda tibbiyotni transformatsiya qilishga doir ustuvor vazifalar belgilab berildi

13:49 31 Oktyabr 2023 Jamiyat
103 0

Oʻzbekiston tibbiyotida keng koʻlamli transformatsiya jarayonlari boshlangan. Soha eng ilgʻor yondashuvlar asosida isloh qilinmoqda. Davolash-profilaktika muassasalarida innovatsion diagnostika va davolash usullari joriy etilyapti.

Yangilanishlardan koʻzlangan maqsad malakali tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish, xalqni rozi qilishdan iborat. Davlatimiz rahbari tomonidan soha mutasaddilari oldiga qoʻyilgan ustuvor talab shunday!

Bugun Samarqandda viloyat hokimi E.Turdimov hamda Sogʻliqni saqlash vaziri A.Inoyatov boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilish Prezidentimiz tomonidan mazkur yoʻnalishda belgilab berilgan vazifalar ijrosiga bagʻishlandi.

Majlisda qayd etilganidek, hozir viloyatda istiqomat qilayotgan 4 mln. 118 ming nafardan ziyod aholiga sogʻliqni saqlash tizimidagi 338 ta davolash-profiliktika muassasasi tomonidan tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda. Ularda jami 8 ming nafardan ortiq shifokor va 30 ming nafarga yaqin hamshira faoliyat olib boryapti.

Shu yilning oʻtgan 9 oyida hududda 12 ta oilaviy shifokor punkti, 5 ta oilaviy poliklinika va 30 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Natijada 850 ming nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi. Ular qoshida ochilgan 2100 oʻrinli kunduzgi statsionarlarda 70 mingga yaqin bemor oʻz salomatligini tiklash imkoniga ega boʻldi.

Viloyatda joriy etilgan 160 turdagi yuqori texnologik — laparoskopik, torakoskopik va endovaskulyar jarrohlik amaliyotlari orqali 5000 mingga yaqin bemor ogʻir xastaliklardan xalos boʻldi.

Jumladan, Samarqandda ilk bor oʻzak hujayrasi koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Shuningdek, 52 nafar bemorda buyrak, 1 nafarida jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi.

Oʻz navbatida, viloyat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining oʻzida 1397 nafar bemorda yuqori texnologik amaliyotlar oʻtkazildi.

Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 17 turdagi asbob-uskunalar xarid qilinib, immunogenetik laboratoriya tashkil etildi. Kattalarda 3013 ta, bolalarda 405 ta ochiq yurakda yuqori texnologik jarrohlik muolajalari bajarildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ajratilgan mablagʻlar hisobidan viloyat boʻyicha 286 nafar bemorda (145 nafari bolalar va 141 nafari kattalar) yuqori texnologik operatsiyalar oʻtkazilyapti.

Hududda tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish uchun 100 nafarga yaqin shifokor Germaniya, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Singapur, Saudiya Arabistoni kabi qator davlatlarning nufuzli klinika va universitetlarida malaka oshirib qaytdi.

Ana shunday izlanishlar natijasida Samarqandda tibbiyot sohasiga robot texnologiyalari kirib kelmoqda.

Kelgusi yilda kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash darajasini 70 foizga yetkazish, xastaliklar asoratlarini 50 foizga kamaytirish maqsad qilingan. Binobarin, viloyat muassasalarida yana 50 turdagi ilgʻor davolash usullarini joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Tanqidiy-tahliliy oʻtgan yigʻilishda bu boradagi ishlarni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda tizimli davom ettirish, tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklarni samarali hal etish uchun yuksak bilim hamda tajribaga ega, tashabbuskor hamda fidoyi kadrlarga ehtiyoj kattaligi qayd etildi.

Majlisda shu kungacha Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari sifatida ishlab kelgan Suxrob Zayniyev boshqarma boshligʻi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, Doniyor Asadov boshqarma boshligʻining tibbiy yordamni tashkillashtirish boʻyicha birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaradigan boʻldi.

Vazir yangi rahbarlar oldiga Samarqandda tibbiyotni yanada rivojlantirish, viloyatning oʻzida eng murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlarini yoʻlga qoʻyish, malakali tibbiy xizmatni chekka va olis hududlardagi xonadonlargacha olib kirish bilan bogʻliq ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?