Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi majlisida ishtirok etdi

20:30 13 Noyabr 2025 Siyosat
121 0

Joriy yilning 13-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining majlisida ishtirok etdi.

Tashrifning birinchi kuni Kengash majlisining kun tartibidagi masalalar koʻrib chiqildi.

Majlis davomida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federal Kengashi Raisi V.Matviyenko MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasining Kengashi raisi lavozimiga qayta saylandi. Shu munosabat bilan Senat Raisi Tanzila Narbayeva V. Matviyenkoni tabriklab, bu qaror uning MDH doirasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali faoliyatining yuqori baholanishi ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga, unga kelgusidagi masʼuliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Shuningdek, 59-yalpi majlisga tayyorgarlik doirasida kun tartibi, reglament va tahrir hayʼati tarkibi tasdiqlandi. 2025-yilda Tojikistonning MDHdagi raisligi yuzasidan axborot eshitilib, kelgusi yilda raislik Turkmanistonga oʻtishi qayd etildi.

Majlisda MDHga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi doimiy komissiyalari raislari tasdiqlanib, ular orasida Oʻzbekiston nomzodi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi aʼzosi Sh. Sharafutdinov Madaniyat, axborot, turizm va sport boʻyicha komissiya rahbari etib tasdiqlandi.

Shuningdek, 2026-yil uchun MDH Parlamentlararo Assambleyasi ish rejasi ham tasdiqlandi. Unga koʻra Kengash va komissiyalar majlislari, xalqaro forumlar, saylovlarni kuzatish hamda yoshlar va maʼrifiy dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Kengash majlisida qabul qilingan qarorlar MDH davlatlari parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qonun ijodkorligini muvofiqlashtirish va turli sohalarda integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?