Samarqandda VII-VIII asrlarga oid ibodatxona va noyob devoriy suratlar topildi

15:44 23 Iyul 2024 Jamiyat
459 0

Foto: Samarqand arxeologiya instituti

Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Joʻrabtepa mahallasida joylashgan Qoʻrgʻontepa yodgorligida ilk oʻrta asrlarga oid boʻlgan ibodatxona oʻrni topildi. Bu haqda Samarqand arxeologiya instituti axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, institut xodimlari mazkur hududda 2022-yildan buyon arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda. Topilgan ibodatxona tarhi toʻgʻri toʻrtburchak shaklda boʻlib, devorlarning saqlanib qolgan balandligi 3 metr. Xonaga 5 ta eshik orqali kirish mumkin. Uning toʻrida taxt-supa, toʻrt tomonida ustun oʻrinlari joylashgan.

Shuningdek, xona devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan boʻlib, saqlanib qolingan tasvirlar orasida yuzi ovalsimon, quloq va qoʻllari esa zebu-ziynatlarga boy boʻlgan maʼbudaning tasviri mavjud. Uning boshida ilk oʻrta asrlar Soʻgʻd sanʼatida koʻp uchraydigan qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklda boʻlgan toj tasviri aks ettirilgan.

Surat parchalari orasida bunday toj va personaj tasvirlarining turli parchalari aniqlanmoqda. Bundan tashqari, devorlarda tokchalar ham mavjud boʻlib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qoʻl hamda oyoq qismlari topilgan.

Arxeologlarning aytishicha, ibodatxona VII-VIII asrlarda faoliyat yuritgan, ammo 712-yilda Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arablarning Samarqandga qilgan yurishlari vaqtida yoqib yuborilgan boʻlishi mumkin.

“Hozirda ushbu joyda arxeologik qazuv tadqiqotlari, devoriy suratlarni saqlash, ulardan nusxa koʻchirish va yechib olish jarayonlari davom etmoqda. Kelgusida yodgorlikni yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda fanlararo usullarini qoʻllagan holda tadqiq etish rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?