Samarqandda UNWTOning yubiley sessiyasi boshlanmoqda
Samarqandda BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi boshlanmoqda. Mazkur nufuzli tadbirda 130 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etyapti. Ular orasida vazirlar, yirik turistik kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar, umuman, turizm industriyasi vakillari bor.
UNWTO Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi doirasida Global investisiya forumi va ko‘rgazma tashkil etiladi. 17–18 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan forumda vazirlar va xalqaro moliya institutlari rahbarlari darajasida muhokamalar, 5 ta panel sessiyasi hamda 22 ta taqdimot o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum doirasida O‘zbekistonning 14 hududining turistik-investision salohiyati, Zomin, Chorvoq, Chimyon turistik-rekreasion zonalar, Markaziyo Osiyo davlatlari, shuningdek, Yaponiya, Chexiya, Fransiya va Braziliyaning 4 ta startap loyihalari namoyish etiladi.
Mazkur anjumanni yoritishda 120 ga yaqin xorijiy va 130 dan ortiq mahalliy OAV vakillari ishtirok etyapti. Matbuot markazi 100 o‘ringa ega bo‘lib, u yerda 70 ta yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlangan kompyuterlar jurnalistlar uchun xizmat qilmoqda.
Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida boshlanayotgan Jahon turizm tashkiloti tadbirlari dasturining birinchi kuni ham voqealarga boy kechishi kutilyapti. Kunning birinchi yarmida Statistika hamda Dastur va byudjet qo‘mitalari yig‘ilishi, shuningdek, maxsus vakillar ishtirokidagi yalpi majlis bo‘lib o‘tadi.
Kunning ikkinchi yarmida Bosh assambleyaning 25-sessiyasi tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, kun tartibidan dastlabki tadbirlar yakuni bo‘yicha UNWTO mas’ul vakillari hamda Turizm qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida brifing o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Bosh qarorgohi Ispaniyaning Madrid shahrida joylashgan Butunjahon sayyohlik tashkiloti UNWTO 1946 yilda tashkil topgan. Ayni dam ushbu tashkilotga 160 ta davlat a’zo, 6 tasi assosiatsiya a’zosi bo‘lsa, yana ikkitasi kuzatuvchi hisoblanadi.
O‘zbekiston bugungi kunda Jahon turizm tashkilotining eng faol a’zolaridan biridir. UNWTO “Ipak yo‘li” loyihasi doirasida mamlakatimizni yetakchi hamkorlardan biri sifatida e’tirof etadi. Tashkilot rahbariyati O‘zbekistonni YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bebaho madaniy va tarixiy obidalarga, moddiy va nomoddiy merosga ega o‘ziga xos davlat, deb hisoblaydi.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring