Samarqandda turizm xizmatlari eksporti 500 million dollarga yetkaziladi

12:17 16 Sentyabr 2024 Jamiyat
216 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilda viloyatga 1 million 253 ming xorijiy, 1 million 742 ming nafar mahalliy sayyohlar kelgan. Oʻtgan yilga nisbatan 1,4 barobarga koʻp.

Shu yili viloyatda 910 oʻrinli 6 ta mehmonxona, 11 ta xostel, 40 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilib, 45 ta turistik kompaniya faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ularning umumiy soni 347 taga yetdi. Yil boshidan 255 milliard 850 million soʻmlik 14 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Jumladan, 132 milliard soʻmlik 6 ta mehmonxona, 55 milliard soʻmlik bitta sanatoriy-sogʻlomlashtirish markazi, 13 milliard soʻmlik 3 ta ekoturizm dam olish maskani, shuningdek, transport xizmati, logistika, avtokemping va boshqa xizmatlar loyihalari ishga tushirildi.

— Samarqand keyingi paytda xalqaro tadbirlar mezboni sifatida butun dunyo nigohini oʻziga qaratmoqda, — deydi viloyat turizm boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilshod Narziqulov. — Qisqa fursatda, Samarqandda baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha jahon chempionati, “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” VIII xalqaro kongressi, “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali, triatlon boʻyicha “Challenge Samarkand” xalqaro musobaqasi hamda dunyodagi ikkita yirik toʻqimachilik assotsiatsiyasining birinchi qoʻshma konferensiyasi oʻtkazildi. Mazkur nufuzli tadbirlarda qitʼamizning 100 dan ziyod mamlakatidan turli soha vakillari keldi.

Yilning ikkinchi yarmida viloyatimizga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar sonini 2,5 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Xususan, 26-29-sentyabr kunlari Yaponiyaning “Tourism EXPO Japan 2024”, 3-6-oktyabr kunlari Malayziyaning “INTAC” (The International Tourism and Cultures, Exhibition&Conference), 22-26-oktyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Guanchjou shahridagi “Gunagzhou Lighting Fair 2024” va 21-23-oktyabr kunlari AQSHning Mayami shtatida “WTE Miami” xalqaro turizm koʻrgazmalarida viloyatning turizm sohasi vakillari va tadbirkorlar ishtirok etadi.

Bundan tashqari, yil yakuniga qadar 16 ta joylashtirish vositasi (2 ta mehmonxona, 4 ta xostel, 10 ta oilaviy mehmon uyi), 8 ta turoperator va 7 ta turagentlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallasida “Turizm qishlogʻi” tashkil etilib, Samarqand shahrida 2 ta 239 milliard soʻmlik zamonaviy savdo-koʻngilochar maskani, Samarqand tumanida qiymati 15 milliard soʻmlik ekoturizm dam olish maskani loyihasi ishga tushiriladi. Turizm infratuzilmalarini yaxshilash maqsadida oʻzbek, xitoy, arab va ingliz tillarida qoʻshimcha 15 ta turistik koʻrsatkichlar, hududlarda Wi-Fi nuqtalari tashkil etiladi. Viloyatda faoliyat koʻrsatuvchi yirik turistik tashkilotlar bilan Yevropa, Osiyo mamlakatlari va MDH davlatlarida sayyohlarni jalb qilish boʻyicha har bir hudud uchun turistik paketlar ishlab chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер