Samarqandda Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi
Mamlakatimizda Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan Samarqand shahrida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda qishloq xoʻjaligi sohasida fidoyi mehnat qilib kelayotgan soha vakillari ishtirok etdi.
Bayram tadbirida viloyat hokimi Adiz Boboyev qatnashib, agrar soha xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi hamda ularning yurt iqtisodiyoti va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi oʻrnini alohida taʼkidladi.
Tadbirda qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida Samarqand viloyati qishloq xoʻjaligida barqaror oʻsishga erishilmoqda. Xususan, joriy yilda viloyatda 825 ming tonna gʻalla, 265 ming tonnadan ortiq paxta, 1 million 700 ming tonna sabzavot, 3 ming 900 tonna pilla, 349 ming tonna goʻsht hamda 1 million 500 ming tonna sut yetishtirildi.
— Viloyatda ilgʻor intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga gektaridan oʻrtacha 44,2 sentnerdan paxta xomashyosi yigʻib olindi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 12,7 sentnerga yuqori, — dedi viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Begzod Tugalov. — Ayrim tumanlarda fermer xoʻjaliklari gektaridan 74,5 sentnergacha hosil oldi.

Paxta terimini toʻliq mexanizatsiya qilish maqsadida joriy yilda Xitoydan 74 dona yuqori unumli paxta terish mashinalari olib kelindi. Natijada 162 ming tonna, yaʼni umumiy hosilning 61 foizi 118 ta mashina yordamida yigʻib olindi. Kelgusi yillarda qoʻshimcha texnika jalb etish orqali paxta terimini toʻliq mexanizatsiyalash rejalashtirilgan.
Tadbirda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish hajmi ham izchil ortib borayotgani taʼkidlandi. Joriy yilda 303 ming tonna meva-sabzavot mahsuloti 316 million AQSH dollari qiymatida Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ukraina, AQSH, Polsha, Germaniya, Kanada kabi 61 davlatga eksport qilindi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 74 million dollarga koʻpdir.
Marosim yakunida qishloq xoʻjaligi sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoyisi”, “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi aʼlochisi”, “Mehnatkash dehqon”, “Namunali tomorqachi”, “Ilgʻor fermer” koʻkrak nishonlari, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Tadbir viloyatning taniqli sanʼatkorlari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring