Samarqandda oʻtadigan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi — Oʻzbekiston uchun tarixiy imkoniyat

Bugun butun dunyo nigohi Oʻzbekistonga qaratilgan. Samarqand shahri UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini oʻtkazish joyi sifatida rasman tasdiqlandi. Bu Oʻzbekiston tarixiga muhim voqealardan biri sifatida muhrlanib qolishi, shubhasiz. Chunki mazkur nufuzli anjuman ilk bor Parijdan tashqarida oʻtkaziladi. Bu nafaqat mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obroʻsini oshiradi, balki Oʻzbekistonning ochiqligi, madaniy boyligi va global jarayonlardagi faol ishtirokini yana bir bor amalda namoyon etadi.
Bu qaror ijodiy industriya vakillarining mashaqqatli mehnati, xalq diplomatiyasi va eng yuqori darajadagi muzokaralar natijasida qoʻlga kiritildi. UNESCO – madaniyat, taʼlim, fan va merosni asrash sohalarida dunyodagi eng muhim tashkilotlardan biri sifatida tan olingan boʻlib, 43-konferensiyasining Samarqandda oʻtkazilishi xalqaro hamjamiyatning Oʻzbekiston taraqqiyotiga boʻlgan ishonchini yanada oshirib yubordi.
Samarqand — ming yillik tarixga ega shahar, Sharq va Gʻarb madaniyatlari tutashgan muqaddas maskan sifatida dunyoga mashhur. Registon maydoni, Shohi Zinda maqbarasi, Bibixonim masjidi kabi tarixiy obidalar nafaqat Oʻzbekistonning, balki butun insoniyatning madaniy merosi sifatida eʼtirof etilgan. Shu bilan birga, Samarqand soʻnggi yillarda xalqaro anjumanlar va konferensiyalarni muvaffaqiyatli oʻtkazishga mos zamonaviy infratuzilmaga ega boʻldi. Turizm va logistika sohasidagi jadal oʻzgarishlar esa shaharni yanada jozibador qilmoqda.
UNESCO kabi nufuzli tashkilotning Oʻzbekistonga eʼtibor qaratishi mamlakatimizni global madaniy jarayonlarda yetakchi davlatlardan biriga aylantirishga xizmat qiladi. Bu – Oʻzbekistonning dunyo miqyosidagi mavqeini mustahkamlashda muhim qadamdir.
Samarqandga dunyoning turli burchaklaridan yuqori martabali mehmonlar, ekspertlar va delegatlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu nafaqat shahar, balki butun mamlakatimizni turistik va investitsion jihatdan yanada jozibador qiladi.
Konferensiya Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatining xalqaro miqyosda kengroq oʻrganilishi va qadrlanishiga ham zamin yaratadi. Bu esa milliy merosimizni dunyoga tanitishda yangi imkoniyatlarni ochadi. Anjumanda ishtirok etuvchi tashkilotlar va mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalari kengayadi. Oʻzbekiston ijodiy sohalarda yangi loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Anʼanaviy tarzda Samarqandda boʻlib oʻtayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivallarida har yili dunyoning 70 dan ziyod davlatidan nufuzli mehmonlarning tashrif buyurayotganligi, UNESCO roʻyxatiga kiritilgan tarixiy obidalar, shuningdek, “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining barpo etilganligi Oʻzbekistonning boy milliy-madaniy tarixi, buguni va kelajagidan dalolat beradi.
UNESCO Bosh konferensiyasining Samarqandda oʻtkazilishi Oʻzbekiston uchun nafaqat bugungi kunda muhim ahamiyatga ega, balki kelajakda yanada nufuzli xalqaro tadbirlarni qabul qilish imkonini beruvchi muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi. Mamlakatimiz xalq diplomatiyasi orqali madaniy va ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, taʼlim va fan sohasida rivojlanishni jadallashtirish, shuningdek, milliy merosni targʻib qilishda katta yutuqlarga erishadi. Samarqand esa ushbu konferensiya orqali nafaqat tarixiy merosga ega shahar sifatida, balki zamonaviy xalqaro tadbirlar markazi sifatida ham oʻz mavqeini mustahkamlaydi. Bu – Oʻzbekistonning madaniy-gumanitar diplomatiyasi yuksalishining yangi bosqichi boʻlib, mamlakatimiz uchun tarixiy burilish nuqtasi sifatida qayd etiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston uchun bu ulkan imkoniyat nafaqat bugungi yutuqlarning, balki kelajakdagi muvaffaqiyatlarning ramziga aylanadi. Samarqandda oʻtadigan UNESCO Bosh konferensiyasi – mamlakatimizning dunyodagi nufuzli davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallashi yoʻlidagi muhim qadamdir.
Dilshodbek XOLMATOV,
Namangan davlat universiteti prorektori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring