Samarqandda Navroʻz shukuhi: xalq sayli davomida zamonaviy maktab va bogʻchalar ochildi, XTB mudirlariga yangi avtomobillar berildi

15:58 19 Mart 2021 Jamiyat
2596 0

Samarqand shahrida Navroʻz tadbirlari karantin talablariga rioya qilingan holda oʻtkazilyaptti. Viloyat musiqali drama teatri maydoni atrofida xalq sayli boʻlmoqda.

Oʻtkazilayotgan bayram tadbirlarida turli koʻngilochar dasturlar namoyish etilmoqda. Milliy taomlarimiz koʻrgazmasi hamda urf - odatlarimiz aks etgan xalq oʻyinlari barchaga manzur boʻlyapti.

Bayram sayillari, shuningdek, Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bogʻi, Ruhobod maydoni, Kamol Ota turk, Orzu Mahmudov va Alisher Navoiy nomli koʻchalar, Universitet xiyoboni, Qorasuv massivi, Farhod hamda Kimyogarlar shaharchasida ham oʻtkazilmoqda.

Bayram munosabati bilan toʻyga toʻyona deganlaridek viloyatda koʻplab yangi obyektlarning ham ochilish marosimlari boʻlib oʻtdi. Birgina Samarqand shahrining oʻzida 3 ta umumtaʼlim maktabi, 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti va boshqa bir qator yangi inshootlar foydalanishga topshirildi.

Samarqand shahridagi Qorasuv massivida viloyatda eng katta sigʻimga ega boʻlgan 1680 oʻrinli yangi 81-umumtaʼlim maktabi ham oʻquvchilarni oʻz bagʻriga oldi.

Navroʻz bayrami tuhfasi sifatida bunyod etilgan mazkur taʼlim muassasasi Investitsiya dasturi asosida “Agromir Buildings” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 31 milliard soʻm mablagʻ evaziga qurildi.

Maktabda oʻquvchilarning taʼlim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xonalar fanlar boʻyicha jihozlangan, kutubxona, qizlar uchun texnologiya xonasi, sport zali hamda elektron interaktiv doskalar oʻquvchilarning bilim olishiga yaqindan yordam beradi.

Shuningdek, shu yerda viloyatning 16 ta tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlariga yangi xizmat avtomobillari ham tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?