Samarqandda MDH PA – AMH Ekspertlar kengashining majlisi boʻlib oʻtdi

17:02 25 Oktyabr 2022 Siyosat
369 0

Samarqand shahrida 25-oktyabr kuni MDH PA va Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdoʻstlik Ekspertlar kengashining 24-majlisi boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida saylovlarni raqamlashtirish, raqamli savdoni rivojlantirish, umuman raqamli iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Majlisni Ekspertlar kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov olib bordi.

Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquqshunoslik instituti Maʼmuriy qonunchilik va jarayonlar boʻlimi bosh ilmiy xodimi Lyudmila Tereshenko hamkasblari eʼtiborini raqamli iqtisodiyot sohasida huquqiy tartibga solishning dolzarb yoʻnalishlariga qaratdi.

Ekspertlar kengashi majlisida elektron ovoz berish texnologiyalarini qoʻllash toʻgʻrisida MDH PA Kengashi kotibiyati rahbari oʻrinbosari – MDH PA Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti direktori Ivan Mushket va MDH PA va AMH Ekspertlar kengashi aʼzosi, “UNICON.UZ” DUK direktori Maxsum Maxmudov soʻzlab berdi.

MDH Parlamentlararo Assambleyasi huzuridagi Iqtisodiyot boʻyicha ekspert kengashining elektron tijoratni rivojlantirish boʻyicha takliflari ham koʻrib chiqildi.

Majlis ishtirokchilari kelgusida Hamdoʻstlik mamlakatlari milliy parlamentlariga taklif etiladigan namunaviy qonunlarni yaratish boʻyicha MDH Parlamentlararo Assambleyasining jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasida olib borayotgan ishlari bilan tanishdi.

Jamiyatni raqamli rivojlantirishning huquqiy jihatlari 2022-yil 2-dekabr kuni MDH PA qarorgohida, Sankt-Peterburgdagi Tavriya saroyida boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiyaning asosiy masalasi boʻladi. Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Ekspertlar kengashi majlisida konferensiyaga tayyorgarlik ham muhokama qilinadi.

MDH PA va Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdoʻstlik Ekspertlar kengashi MDH mamlakatlarida aloqa va axborotlashtirish sohasidagi milliy huquqiy tizimlarni uygʻunlashtirishga koʻmaklashuvchi namunaviy qonunlarni ishlab chiqishda ikki tuzilmaning oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi.

Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdoʻstlik elektr (telefon, telegraf aloqasi, televizion, radio va simli eshittirish) va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlik va kelishilgan harakatlar uchun MDH davlatlarining tegishli vazirliklarini birlashtiradi.

Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilayotgan MDH Parlamentlararo assambleyasining kuzgi sessiyasi Ekspertlar kengashi majlisi bilan ochib berildi.

27-28-oktyabr kunlari Samarqand shahrida MDH PA Kengashi majlisi va MDH PA 54-yalpi majlisi, shuningdek, Assambleya va MDH Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasi doimiy komissiyalarining majlislari boʻlib oʻtadi.

Tadbirlarda MDH PAga kiradigan mamlakatlar parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari va aʼzolari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?