Samarqandda Xorazm tajribasidan keng foydalanilmoqda
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Qishloq xoʻjaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish bugungi davrning eng dolzarb masalalaridan biridir. Prezidentimiz raisligida joriy yilning 7-noyabr kuni mazkur masalalarga bagʻishlangan yigʻilishda klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har bir kub metr suvga respublika boʻyicha oʻrtacha 212 soʻm xarajat qilinayotgani, bu koʻrsatkich Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 2-3 barobar yuqori ekanligi taʼkidlandi. Xorazmda 92 nafar dehqon zamonaviy nasos oʻrnatib, elektrni 20 foiz tejamoqda. Ular quyosh paneli oʻrnatish hisobiga ehtiyojidan ortgan elektrni davlatga sotib, oyiga qoʻshimcha 7-8 million soʻm daromad olyapti.
Samarqand viloyatida ham Xorazm tajribasi asosida qishloq xoʻjaligida elektr energiyasini tejash, muqobil energiya resurslaridan foydalanishga alohida eʼtibor berilmoqda. Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga qarashli 94 ta nasos stansiyasi hamda 453 ta sugʻorish, 46 ta meliorativ tik quduq bor. Ushbu nasos stansiyalarida oʻrnatilgan 376 ta agregat yordamida viloyatdagi qariyb 70 ming gektar maydon sugʻoriladi. Joriy yilda ushbu nasos stansiyalar va tik quduqlarni ishlatish uchun davlat tomonidan 163,7 million kVt elektr energiyasi limiti ajratildi.
— Joriy yilda nasos stansiyalar ekspluatatsiyasi davomida elektrni tejash, agregatlar ishonchli ishlashini taʼminlash maqsadida samaradorligi yuqori boʻlgan 9 dona nasos uskunasi va 17 dona elektr dvigatel, 15 dona reaktiv energiyani kompensatsiyalovchi kondensator qurilmasi oʻrnatildi, — deydi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Shokir Rahmonov. — Shuning hisobiga 780 ming kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilishga erishildi. Nasos stansiyalarda elektr energiyasini tejash uchun 16 ta elektr dvigatel, 8 ta kondensator qurilmasi, 7 ta chastota oʻzgartiruvchi qurilma, 12 ta 5 kVt quvvatli quyosh panellari, 310 dona energotejamkor LED lampalar oʻrnatilishi belgilangan. Tadbirlar natijasida 1300 ming kVt soat elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.
Bugungi kunda elektr energiyasini tejash, muqobil energiya resurslaridan foydalangan holda qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish maqsadida koʻplab innovatsion yechimlar ishlab chiqilgan. Ishlanmalar orasida quyosh nuridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish va uni suv olishga sarflash eng kamxarj yechimlardan boʻlib qolmoqda.
Elektr energiyasining narxi oshishi qoʻshimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Buning uchun viloyatdagi suv xoʻjaligi obyektlarida muqobil energiyani joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Hozirgacha 18 ta bino-inshootda quyosh panellari oʻrnatildi. Bu obyektlarni toʻliq elektr energiyasi bilan taʼminlay olmasa-da, xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi.
Hozirgacha bu texnologiya yuqori hajmda elektr energiyasi talab etadigan va katta maydonga suv yetkazib beradigan loyihalarda qoʻllanilmagandi. Xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda Payariq tumanida ana shunday loyiha sinov tariqasida amalga oshirildi.
Xitoyning “ZHEJIANG TIANCI NEW ENERGY TECHNOLOGY” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda tumandagi “Ming chuqur” nasos stansiyasiga quyosh fotoelektr stansiyasi oʻrnatildi. Shu bilan birga nasos uskunalarini yangilash ishlari ham amalga oshirildi. Ushbu tadbirlar uchun xitoylik investorlar tomonidan 669,2 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ sarflanib, 231 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan quyosh panellari, 2 dona nasos agregati oʻrnatilib, nasos stansiyasi binosi qurilish ishlari bajarildi.
— Bu hozircha viloyatda yagona loyiha hisoblanadi, — deydi Payariq tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi boshligʻi Mahmud Ibragimov. — Bu loyiha sinov boʻlgani uchun eski nasos stansiyasining yonida, 30 sotix maydonda oʻrnatildi. Avvalgi stansiya ham, yangi fotoelektrik stansiya ham ishlashi mumkin. Quyosh panellari batareyasiz, faqat kunduzi ishlaydi. Eski stansiyaga nisbatan 30-40 foiz koʻp suv chiqarish imkoniga ega. Agar zarurat boʻlsa, kechasi uchun eski stansiya xizmatidan foydalanishimiz mumkin. Yangi stansiyada sinov ishlari bajarildi. Bahorgi mavsumda dehqonlarimizga suv yetkazib berishni boshlaymiz. Agar mazkur loyiha oʻzini oqlasa, keyinchalik tumandagi “Suvchi” va “Dehqonobod” nasos stansiyalariga ham quyosh panellari oʻrnatish rejalashtirilgan.
Yangi stansiyaning elektr energiya sarfi bir yilda 345,3 ming kVt dan 305,0 ming kVtga pasaytirilib, 40,3 ming kVt elektr energiyasi iqtisod qilinadi. Barpo etilgan quyosh fotoelektr stansiyasi yiliga 368,6 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqarishi natijasida elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻ tejaladi.
Ahamiyatlisi, suv chiqarish imkoniyati bir sutkada 33,9 ming metr kubdan 38,9 ming metr kubga koʻpayadi. Elektr energiyasining uzluksizligi natijasida suv yetkazib berish 2,1 million metr kubdan 2,9 million metr kubga oshiriladi. Sugʻorish mavsumida 371 gektar maydondagi ekinlarning suv taʼminoti yaxshilanishiga erishiladi.
Kelgusi yillarda Payariq tumanidagi “Suvchi”, Bulungʻur tumanida “Doʻstlik”, Urgut tumanida “Xoʻjayduq-2” va “Ilonli”, Paxtachi tumanidagi “Paxtakor” nasos stansiyalarida ham quyosh panellari oʻrnatish va stansiyalarni yangilash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Bu fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlarning xarajatlarini kamaytirib, daromadlarining oshishiga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring