Samarqandda imzo toʻplash jarayoni boshlandi

12:26 08 Avgust 2024 Jamiyat
289 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqea — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar saylovi uchun boshlangan saylov kompaniyasi qizgʻin davom etmoqda. Shu kunlarda saylovda ishtirok etishga ruxsat berilgan siyosiy partiyalar tomonidan bu jarayonda ularni qoʻllab-quvvatlovchi tarafdorlarning imzolari yigʻilmoqda.

OʻzLiDeP Samarqand viloyat, tuman va shahar Kengashlari ham bu borada faollik bilan ish olib bormoqda. Imzo yigʻish jarayonida fidoyi va tashabbuskor partiya aʼzolari kuchiga tayanilmoqda.

Ushbu muhim jarayonga aholining barcha qatlamlari vakillari oʻz ixtiyori bilan koʻtarinki kayfiyatda, eng muhimi, zimmasidagi burch va masʼuliyatni chuqur anglagan holda oʻz xayrixohliklarini bildirmoqda.

OʻzLiDeP Samarqand viloyat Kengashi tomonidan Samarqand shahridagi “Makon Mall” koʻngil ochar savdo markazida imzo toʻplash jarayonlari tashkil etildi. Dastlab saylovchilarga OʻzLiDeP gʻoyalari hamda boʻlajak siyosiy jarayonining mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berildi.

Siyosiy partiya saylovda nomzod koʻrsatish vakolatiga ega boʻlishi uchun amaldagi qonunchiligimizga muvofiq belgilangan miqdorda saylovchilarning imzosini toʻplashi kerak. Ayni jarayon saylov kompaniyasining ilk bosqichlardan biri ekanligi alohida taʼkidlanib, uni belgilangan vaqtda, bexato bajarish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalaning mohiyatini yaxshi anglagan fuqarolar imzo toʻplash jarayoniga alohida masʼuliyat bilan yondashib, oʻz fuqarolik pozitsiyasini namoyon etdi. Saylovchilar partiyaning oʻtgan yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qonunchilikni takomillashtirish hamda saylovchilar bilan ochiq muloqotda koʻtarilgan muammolarni hal etish yoʻnalishidagi amaliy ishlarini eʼtirof etmoqda.

— OʻzLiDePning saylovda qatnashishi tadbirkorlar uchun katta imkoniyat. Chunki partiya oʻtgan yillar davomida ishbilarmonlarning qalqoniga aylangan. Xususan, soliq va bojxona bojlarini kamaytirishda partiyaning xizmatlari beqiyos, — deydi “Makon Mall” savdo markazi ish boshqaruvchisi Sherzod Toshkenboyev. — Shu bois partiyaning boʻlajak saylovlarda qatnashishi uchun imzo berdim. Ishonchim komilki, partiya tadbirkorlikni milliy harakatga aylantiradi.

Joylardagi boshlangʻich partiya tashkilotlari raislari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiyaning “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti” atrofida birlashgan faol aʼzolarining hamjihatlikda olib borayotgan saʼy-harakatlari tufayli viloyatda imzo yigʻish jarayoni yanada jadallashmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер