Samarqandda ilk bor Xalqaro paraplan festivali oʻtkazildi

13:01 12 May 2025 Jamiyat
181 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizda ekstremal turizm yoʻnalishlarini rivojlantirish, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Andak mahallasi togʻ hududida ilk marotaba “Xalqaro paraplan festivali” boʻlib oʻtdi.

Ushbu nufuzli festivalda Buyuk Britaniya, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Belarus, Tojikiston, Qozogʻiston, Ukraina kabi oʻndan ortiq davlatdan kelgan 100 dan ziyod professional paraplanchi ishtirok etib, Urgut osmonida yuksak mahoratli parvozlar va sport chiqishlarini namoyish etdilar.

Tadbir ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etib, qatnashchilarga omad tiladi.

— Samarqandda yangi turizm turining yoʻlga qoʻyilishi kelgusida sohani yanada rivojlantirishga, turizm xizmatlari koʻlamining oshishiga turtki boʻladi, — deydi viloyat rahbari Adiz Boboyev. — Ekstremal turizm turlarini ommalashtirish xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini oshirish maqsadida endilikda yil davomida Urgut togʻida paraplandan uchish imkoniyati yaratiladi. Bu esa togʻ turizmini takomillashtirishda muhim rol oʻynaydi. Kelajakda Urgut togʻida dor yoʻli qurish, tashrif buyuruvchilar uchun munosib sharoitlar yaratish zarur.

Ikki kunlik festival doirasida paraplan shoulari va musobaqalari, milliy gastronomik koʻrgazmalar, konsert dasturlari, xalq oʻyinlari va koʻngilochar tadbirlar tashkil etildi.

Mazkur xalqaro tadbir Urgut tumanining turizm salohiyatini keng namoyish etish bilan birga, uni jahon miqyosidagi sport va madaniyat markazlaridan biriga aylantirish yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер