Samarqandda Butunjahon oziq-ovqat kuniga bagʻishlangan xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi

14-15-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Qurgʻoqchil mintaqalarda qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) koʻmagida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand Davlat universiteti tomonidan tashkil etilgan “Oziq-ovqat xavfsizligi: Global va milliy muammolar” mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Yirik ilmiy forum har yili 16-oktyabr, FAO tashkil topgan sanada nishonlanadigan Butunjahon oziq-ovqat kuniga bagʻishlandi. Ushbu sana global hamjamiyatni oziq-ovqat xavfsizligiga erishish va dunyodagi ochlikni yoʻq qilish uchun birgalikda ishlashga va barcha uchun yaxshiroq, barqaror kelajakni yaratishga chaqiradi.
Har yili dunyoning turli mamlakatlarida Butunjahon oziq-ovqat kuni munosabati bilan turli tadbirlar – oziq-ovqat yarmarkalari, koʻrgazmalar, turli tanlovlar, festivallar, ilmiy konferensiyalar oʻtkaziladi. Ushbu tadbirlarning maqsadi ochlik va toʻyib ovqatlanmaslik kabi global muammolarni hal qilish uchun nima qilinganligi va qilinishi kerakligi haqida fikr yuritish maqsadida keng jamoatchilikning oziq-ovqat xavfsizligi holati toʻgʻrisida xabardorligini oshirishdan iboratdir. Samarqandda Butunjahon oziq-ovqat kuni sharafiga xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish allaqachon yaxshi anʼanaga aylangan. Har yili forumda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun olimlar, professorlar, xalqaro tashkilotlar va dunyoning yetakchi taʼlim muassasalari vakillari toʻplanadi.

Bu yilgi anjumanda Germaniya, Qozogʻiston, Pokiston, Rossiya, AQSH va Tojikistondan 30 nafar soha vakillari, shuningdek, 240 dan ortiq mahalliy mutaxassis va olimlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar tomonidan qizgʻin muhokamalar bilan kechgan maʼruzalar va taqdimotlar qilindi, koʻplab qiziqarli gʻoya va fikrlar bildirildi, yorqin faktlar va ilmiy izlanishlarning yangi natijalari taqdim etildi. Jumladan, Vashington universiteti professori Tomas Lampkin (AQSH) «Iqlim oʻzgarishi va agroekotizimlarning mahsuldorligi» mavzusida, Qaidi Azam Universiteti professori Muhammad Zafar (Pokiston) “Yovvoyi mevalarning parhez birikmalarini tahlil qilish va ularning oziq-ovqat xavfsizligi va barqarorligiga qoʻshgan hissasi” mavzusida maʼruza qildi. Oʻz navbatida, Sankt-Peterburg biotexnologiya va oziq-ovqat ishlab chiqarish Oliy maktabi direktori Yuliya Bazarnova (Rossiya) “Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi yangi taʼlim texnologiyalari” haqida gapirdi.
Konferensiya quyidagi boʻlimlarda ish olib bordi: “Koronavirus pandemiyasi davrida Oʻzbekiston va jahonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash Konsepsiyasini amalga oshirishning muhim masalalari va muammolari”, “Noqulay mintaqalarda tabiiy resurslardan barqaror foydalanishning ustuvor yoʻnalishlari”, «Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda zamonaviy bio va agrotexnologiyalardan foydalanishning ahamiyati», “Ovqatlanish sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar ” va «Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasi”.
Shuningdek, anjuman doirasida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand Davlat universitetining bakalavriat va magistratura talabalari oʻrtasida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi eng yaxshi innovatsion tadqiqot ishlari uchun tanlov oʻtkazildi. Anjuman yakunida gʻoliblar aniqlanib, dastlabki uch oʻrin sohiblari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan mukofotlandilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring