Samarqandda Burhoniddin Margʻinoniy maqbarasi qurilishi boshlandi

Prezidentimizning 2025-yil 14-martda qabul qilingan “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirish belgilangan. Ayni paytda majmua va uning atrofida, Chokardiza qabristoni hududida qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur qadimiy qabristonda koʻplab ulamolar dafn etilgan. Abu Mansur Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy singari buyuk ajdodlarimiz shular jumlasidandir.
Hududni obod etish jarayonida Chokardiza qabristonida dafn etilgan ulugʻ alloma va ulamolar merosini oʻrganishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, buyuk faqih, islom huquqshunosligining mukammal asari hisoblangan “Hidoya” kitobi muallifi Burhoniddin Margʻinoniy dafn etilgan joyni aniqlash borasida ham tadqiqotlar olib borildi.
Shu vaqtga qadar allomaning 1197-yilda Samarqanddagi Chokardiza qabristonida dafn etilgani maʼlum boʻlsa-da, qabrning aniq joyi haqida hech qanday belgilar saqlanmagan edi.
Tarixchi, manbashunos va arxeolog olimlarning uch oydan ziyod davom etgan zahmatli qazishma izlanishlari natijasida olingan maʼlumotlar tahlili va qabrlar joylashuvi asosida Imom Burhoniddin Margʻinoniy qabri joylashgan hudud aniqlandi.
Tadqiqotlarda aniqlangan maʼlumotlar va manbalar belgilangan tartibda oʻrganilgach, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi fatvosi asosida Chokardiza qabristoni hududida Burhoniddin Margʻinoniy maqbarasining qurilishiga kirishildi.
— Burhonuddin al-Margʻinoniyning dafn etilgan joyi aniqlangani juda katta tarixiy voqelik boʻldi, — deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Zayniddin Eshonqulov. — Endilikda Chokardiza qabristonida buyuk bobomizning maqbarasi barpo etilib, yana bir qutlugʻ ziyoratgoh maʼrifat va maʼnaviyat maskaniga aylanadi.
Taniqli olim va ulamolar, viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirokida maqbara qurilishining boshlanishi munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda yurtimizda ulugʻ ajdodlarimiz mangu orom topgan joylarni obod maskanga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar alohida eʼtirof etildi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring