Samarqandda «Bahodir Yalangtoʻsh» tarixiy badiiy filmining taqdimoti boʻlib oʻtdi
Foto: «Xalq soʻzi»
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/«Xalq soʻzi». Samarqand shahrida oʻzbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Bahodir Yalangtoʻsh» tarixiy badiiy filmining taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.
Hasan Toshxoʻjayev ssenariysi asosida rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan yaratilgan ushbu kinokartinada buyuk sardor, Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangtoʻshning hayot yoʻli va faoliyati hikoya qilinadi. Film Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda «Ezgu film» studiyasi tomonidan suratga olingan.
Taqdimot oldidan «Ipak yoʻli» turizm va madaniy meros xalqaro universitetida oʻtkazilgan matbuot anjumanida xalqimizning buyuk farzandlaridan biri, davlat va jamoat arbobi, sarkarda Bahodir Yalangtoʻsh hayoti va faoliyati aks ettirilgan ushbu filmning yaratilish tarixi, suratga olish jarayonlari xususida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, premyera avvalida ijodkorlar bilan uchrashuv tashkil qilindi.
— Ushbu loyihani amalga oshirishda Samarqand viloyati hokimligi Oʻzbekiston kinematografiya agentligi bilan bevosita hamkorlikda ishladi, — dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. — Film rejissyori Jahongir Ahmedov samarqandlik ijodkorlar, tarixchi olimlar bilan bamaslahat faoliyat olib bordi. Bir necha bor muhokamalar boʻldi va ana shu hamkorlikdagi ishimiz tufayli mazkur tarixiy badiiy film yaratildi.
Samarqandlik kino ixlosmandlar tarixiy filmni maroq bilan tomosha qilishdi. Filmda bosh rollarni aktyorlar Habibullo Nizomov, Boir Xolmirzayev va Matyoqub Matchanov mahorat bilan ijro etishgan.
Bahodir Yalangtoʻsh siyosiy faoliyat bilan bir qatorda madaniyatga homiylik qilgan. Yetti iqlimga mashhur boʻlgan Registon maydonidagi Tillakori va Sherdor madrasalari u tomonidan qurdirilgan. Shu bilan birga u yurt obodligi yoʻlida koʻplab xayrli ishlarning rahnamosi sanaladi. Bahodir Yalangtoʻshning ushbu jihatlari mazkur filmda aks etgan boʻlib, bu ezgu ish, shubhasiz, boy tarix va madaniyatimiz, ulugʻ ajdodlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, keng targʻib etish va eng asosiysi, xalqimizning, yoshlarimizning faxr va gʻururini oshirishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- ICCI 2026: Yangi Oʻzbekistonning qurilish salohiyati – gʻoyalardan keng koʻlamli yechimlargacha
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring