Samarqandda 164 ta yangi madaniy meros obyekti milliy roʻyxatga kiritiladi

15:59 23 Yanvar 2024 Madaniyat
487 0

YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Samarqand tarixiy markazi 1123 gektar va uning muhofaza zonasi 1369 gektarni tashkil etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan viloyatda 1607 ta moddiy madaniy meros obyektlari roʻyxatga olingan. Ularning 973 tasi arxeologiya, 564 tasi arxitektura obyektlari, 36 tasi monumental sanʼat asarlari va 34 tasi diqqatga sazovor joylardir. Mavjud obyektlarning 1011 tasi respublika ahamiyatidagi, 596 tasi mahalliy ahamiyatdagi moddiy madaniy meros obyektlari boʻlib, ulardan 221 tasi shaxsiy mulkdagi turarjoy binolari hisoblanadi. Madaniy meros obyektlarining 483 tasi, yaʼni 30 foizi Samarqand shahrida joylashgan.

Madaniy merosni davlat tomonidan muhofaza qilish va davlat nazoratini oʻrnatish maqsadida 735 ta obyektda muhofaza belgilari, 244 tasida yoʻl koʻrsatkichlari oʻrnatilgan. Madaniy meros obyektlarining 1467 tasida davlat kadastr hujjatlari shakllantirilib, ularga 845 nafar jamoatchi inspektor biriktirilgan. Moddiy-madaniy meros obyektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targʻib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada doimiy ravishda davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida joylarga chiqilib, oʻrganishlar olib borilmoqda.

— Madaniy meros agentligiga taqdim etilgan 832 ta obyekt qayta tarixiy-madaniy ekspertizadan oʻtkazildi va 818 ta obyektning pasporti shakllantirildi, — deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Ziyodulla Nasimov. — Turizm obyekti sifatida xizmat qilishi mumkin boʻlgan 107 ta moddiy-madaniy meros obyekti roʻyxatga olindi. 130 ta yoʻqolib ketish xavfi boʻlgan arxeologik madaniy meros obyektining roʻyxati shakllantirildi va 164 ta yangi arxeologik madaniy meros obyekti aniqlanib, ularni milliy roʻyxatga kiritish yuzasidan agentlikka taqdim etildi. Shuningdek, 22 ta madaniy meros obyektini restavratsiya qilish va taʼmirlash uchun 15 milliard 810 million soʻm mablagʻ ajratilib, 9 ta obyektda restavratsiya va obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Joriy yil oxirigacha viloyatdagi 1607 ta shunday obyektni qayta xatlovdan oʻtkazish, 18 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlarini yakunlash, sakkizta tarixiy obyektni sayyohlar tashrifiga tayyorlash hamda 756 ta obyektda muhofaza belgilari oʻrnatish rejalashtirilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер