Samarqand shahrini kengaytirish deputatlar tomonidan maʼqullandi

10:38 11 Dekabr 2025 Jamiyat
191 0

Davlatimiz rahbari shu yilning 25-noyabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Oqdaryo, Pastdargʻom, Toyloq va Samarqand tumanlarining shaharga tutash hududlarini Samarqand shahriga qoʻshish orqali uni bir millionli shaharga aylantirish, aholining urbanizatsiya darajasini oshirish ishlari izchil davom ettirilishini taʼkidlagan edi.

Samarqand shahar hududini kengaytirish boʻyicha berilgan topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida xalq deputatlari Samarqand shahar hamda Oqdaryo, Pastdargʻom, Samarqand va Toyloq tumanlari Kengashlarining sessiyalarida mazkur hududlarning maʼmuriy-hududiy chegaralarini oʻzgartirish masalasi koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ushbu qarorlarga muvofiq: Pastdargʻom tumanidan — 1242 gektar maydon (7 ta mahalla, 20 ming aholi), Toyloq tumanidan — 1266 gektar (8 ta mahalla, 12 ming aholi), Samarqand tumanidan — 13308 gektar (68 ta mahalla, 235 ming aholi), Oqdaryo tumanidan — 1411 gektar (2 ta mahalla, 10 ming aholi) Samarqand shahri tarkibiga oʻtkaziladi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining yigirma uchinchi sessiyasida mazkur masala atroflicha muhokama qilindi. Sessiyada ishtirok etgan viloyat hokimi oʻrinbosari Navroʻzjon Rahmonovning taʼkidlashicha, maʼmuriy-hududiy chegaralarning oʻzgarishi natijasida Samarqand shahrining umumiy hududi 28403 gektarga, aholisi esa 880 ming nafarga yetadi.

Shaharning kengayishi zamonaviy infratuzilma yaratish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, ijtimoiy soha muassasalarini barpo qilish, uy-joy qurilishini jadallashtirish kabi uzoq muddatli dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shu bilan birga, shahar tarkibiga oʻtayotgan hududlarning bir qismi kompensatsiya sifatida qaytarilmoqda. Jumladan, Samarqand shahrining Pastdargʻom tumaniga tutash sanoat zonasidagi 518 gektar yer maydoni mazkur tuman tasarrufiga oʻtkazilib, bu hududda sanoatni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Sessiya yakunlariga koʻra, mahalliy Kengashlar qabul qilgan qarorlar asosida shahar hududini kengaytirish toʻgʻrisidagi qaror tasdiqlandi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?