“Samarqand oshi” xalqaro festivalida 7 tonna palov tayyorlanadi

18:22 01 Avgust 2025 Jamiyat
254 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilning 1-3-avgust kunlari ilk bor “Samarqand oshi” xalqaro festivali oʻtkazilmoqda. Unda koʻplab taniqli oshpazlar qatnashyapti. Tadbir kechayotgan jarayonni dunyoning qator mamlakatlaridan kelgan sayyohlar, 14 ta davlat ommaviy axborot vositalarining 50 nafardan ortiq xodimlari kuzatib borishmoqda. Toʻyimli va mazali, tez hazm boʻladigan osh turlari festival ishtirokchilarining qiziqishini oshirishi tabiiy, albatta.

Festival dasturiga muvofiq, tadbirning 1-kuni respublikamizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan eng sara oshpazlar ishtirokida musobaqa tashkil etilmoqda. Unda mohir oshpazlar osh tayyorlash borasidagi mahoratini namoyish qilishyapti. Osh tayyorlash jarayonida qanday masalliqlardan foydalanishdan tortib, unga solinadigan ziravorlargacha hakamlar tomonidan kuzatib borilmoqda.

Festivalning 2-kuni yanada qiziqarli boʻladi. Samarqand shahrining Alisher Navoiy koʻchasida xorijlik oshpazlar ishtirokida osh pishiriladi. Jumladan, Ozarbayjon, Malayziya, Qatar, Quvayt, Yaponiya, Pokiston, Turkiya, Tojikiston, Indoneziya, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Polsha, Iordaniya, Misr Arab Respublikasi, Koreya Respublikasi, Qozogʻiston va boshqa bir qator davlatlardan dunyoga mashhur oshpazlar pazandalik borasidagi iqtidorini namoyish qilishadi.

Xorijiy oshpazlardan tashqari nomdor mahalliy oshpazlar tomonidan kabob, somsa, un oshi, noʻxat shoʻrak va boshqa koʻplab milliy gastronomik imkoniyatlarimizni ochib beruvchi taomlar va Samarqand noni tayyorlanishi koʻzda tutilgan.

Festivalning 3-kuni esa ishtirokchilar “Samarqand osh festivali”ning asosiy tadbiri — 7 tonnalik osh tayyorlash jarayoniga guvoh boʻlishadi. “Boqiy shahar” majmuasida oʻtkaziladigan tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida maxsus tayyorlangan katta qozonda 7 tonnalik osh tayyorlanadi. Ulkan qozondagi oshni 50 nafar mahalliy va 5 nafar chet ellik oshpazlar pishiradi.

— Ishtirokchilar jarayonlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, tayyor taomdan tatib koʻrish imkoniyatiga ega boʻladi, — deydi Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov. — Mazkur oshni tayyorlash uchun 1 700 kg. guruch, 1900 kg. sariq sabzi, 480 kg. qizil sabzi, 830 kg. qoʻy goʻshti, 830 kg. mol goʻshti, 130 kg. dumba, 350 litr oʻsimlik yogʻi, 200 kg. piyoz, 100 kg. noʻxat, 170 kg. mayiz, 5 kg. zira, 3 kg. murch, 17 kg. qoraqand, 50 kg. tuz, 450 litr suv va talabga binoan zigʻir yogʻi ishlatilishi koʻzda tutilgan. 7 tonnalik osh pishiriladigan qozon uzunligi 4,5 metr, balandligi 2 metrni tashkil qiladi. Tayyorlangan osh mehribonlik uylari, nogironligi boʻlgan bolalarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari, qariyalar uylari kabi muassasalarga yetkazib beriladi.

Samarqanddagi 3 kun davom etadigan festivalda 200 dan ortiq oshpaz ishtirokida musobaqalar tashkil etiladi. 20 turdagi noyob osh tayyorlanib, oshpazlardan mahorat darslari, xorijiy mamlakatlarning oshlarini tayyorlash jarayonlari, hunarmandchilik va sharq shirinliklari koʻrgazmalari tashkil etiladi. Shuningdek, madaniy koʻngilochar tadbirlar oʻtkazilib, konsert dasturlari namoyish qilinadi.

Xullas, ushbu xalqaro festival davomida “Samarqand oshi” — nafaqat taom, balki xalqimiz mehmondoʻstligi, bagʻrikengligi va madaniy boyligining timsoli sifatida namoyon boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер