Samarqand madaniy turizmning xalqaro poytaxtiga aylanadi

23:30 24 Oktyabr 2023 Jamiyat
155 0

Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishi dunyo hamjamiyatida Oʻzbekistonning xalqaro maydonda ochiq, faol rivojlanib borayotgan mamlakat sifatida eʼtirof etilishining yana bir dalilidir, desak, ayni haqiqat.

Quvonarlisi, xalqaro hamjamiyat diqqat-eʼtiborida boʻlib turgan ayni jarayon — Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasida 178 davlatdan tashrif buyurgan turizm sohasi yetakchilari Samarqandda jam boʻldi.

Yanada eʼtiborlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi tantanali ochilish marosimida soʻzlagan nutqi orqali mazkur global sayyohlik tashkilotining koʻplab nufuzli vakillari mamlakatning turistik jozibasi va taraqqiyotini aniq his etgani rost.

Albatta, mamlakatda tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan ushbu istiqbolli soha davlat siyosatida ustuvorlik kasb etayotgani bejiz emas. 2017-yildan boshlab turizm boshqa sohalar qatori jadal rivojlantirilib, davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Qisqa vaqt ichida koʻplab normativ-huquqiy hujjatlar toʻplami, jumladan, turizm toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinib, mazkur sohani bosqichma-bosqich isloh etish uchun mustahkam huquqiy asos yaratildi.

Bunda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat asnosida yaqin doʻst hamda hamkor davlatlarning sayyohlari va ishbilarmon doira vakillari uchun yaratilayotgan doʻstona hamda bagʻrikenglik muhiti muhim ahamiyat kasb etayotir.

Xususan, soʻnggi yillarda salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun Oʻzbekistonga vizasiz kirish tizimi, yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etildi.

Sayyohlik biznesining barcha turini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi, kredit hamda moliyaviy yordam kuchaytirildi. Mehmonxona oʻrinlari soni 140 mingtaga yetkazildi, 70 ta yangi sayyohlik marshruti ochildi, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi.

Ahamiyatlisi, Oʻzbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ikki barobar koʻpayib, turizm eksportidan tushayotgan daromad 4 barobar oʻsdi. Ayni chogʻda yurtimiz tez rivojlanayotgan turizm maskani va eng xavfsiz davlat sifatida xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallayotganligi, qisqa aytganda, Oʻzbekiston uchun “tashrif qogʻozi”ga aylanib ulgurdi.

Mamlakatimiz yetakchisi sessiyada eng dolzarb muammo — turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini taʼminlash masalasini oʻrtaga tashladi va buning huquqiy yechimini koʻrsatib bergan holda BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish taklifini bildirdi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining “yashil” turizmni rivojlantirish boʻyicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish taklifi iqlim oʻzgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga egadir.

Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 2025-yilni “Butunjahon inklyuziv turizm yili” deb eʼlon qilish va maxsus deklaratsiya imzolash tashabbusi inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun muhim omil boʻlishi, shubhasiz.

Sessiyadagi jahon jamjamiyati tomonidan alohida eʼtirof etilgan voqelik — davlatimiz rahbari delegatlarni Samarqandni “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” deb eʼlon qilish va tegishli deklaratsiyani imzolashga doir tashabbusni qoʻllab-quvvatlashga chaqirgani boʻldi. Bu taklif Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati yanada yuqori darajaga koʻtarilishiga bir ishora, desak, mubolagʻa emas.

Tadbirlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida Samarqandga “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” maqomini berish toʻgʻrisida deklaratsiya hamda Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida bitim qabul qilindi.

Bu nimani anglatadi?

Dunyodagi bugungi murakkab vaziyatda Oʻzbekiston yashash va ishlash, taʼlim olish, ilmiy kashfiyotlar yaratish uchun tinch va xavfsiz makon sifatida tan olingani, yirik investorlardan tortib yosh tadbirkorlar va olimlar uchun barcha qulay shart-sharoit aynan shu mamlakatda yaratilganining xalqaro eʼtirofi boʻldi, desak, xato emas.

Endilikda turizm sohasi shiddat bilan taraqqiy etar ekan, xalqaro munosabatlar mamlakat iqtisodiyotining barcha yoʻnalishida oʻzining yuqori natijasini koʻrsata boshlaydi. Jumladan, Bosh assambleya doirasida turizm sohasidagi yetakchi kompaniyalar, oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlar ishtirokida investitsiya va taʼlim forumlari ham boʻlib oʻtadi. Demak, taʼlim forumlari, qoʻshma dasturlar va xalqaro loyihalar orqali oliy taʼlim muassasalariga koʻproq tashqi investitsiya kiritishga qulay imkoniyat va puxta zamin hozirlanmoqda.

Turizm taraqqiyoti borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, oʻz navbatida, biz oliy taʼlim tizimi vakillarini cheksiz quvontirmoqda. Chunki sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor xalqaro aloqalar, millatlararo maʼrifat, madaniyat, ilmiy tadqiqotlar, ilgʻor tajribalar, taʼlim innovatsiyasi rivojiga ham xizmat qiladi.

Yaqinda bir asrlik tarixga va oliy taʼlim tizimida yuqori salohiyatga ega boʻlgan Fargʻona davlat universiteti Buyuk Britaniyaning nufuzli “Times Higher Education” (THE) agentligi reytingida quruqlikdagi ekotizimlarni asrash boʻyicha 401+ natija koʻrsatib, “TOP 1000+” roʻyxatiga kirgani ham davlatimiz rahbari tomonidan tizim uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarning samarasini koʻrsatib berdi.

Shu bilan birga, universitetimizning xalqaro aloqalari ham tobora kengayib bormoqda. Xususan, yaqinda Xitoyning Loyan arxeologik tadqiqotlar instituti bilan hamkorlik yanada mustahkamlandi. Universitetga mazkur institut delegatsiyasi tashrifi doirasida “Fargʻona — Loyan arxeologik markazi” ochildi. Endilikda ushbu yangi ilmiy markazning bosh tadqiqot obyekti hisoblangan “Quva shahristoni” yodgorligida hamkorlikda qazilma ishlari olib boriladi hamda arxeologiya yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarimiz, shuningdek, professor-oʻqituvchilarimiz uchun Loyan arxeologik tadqiqot institutida amaliyot oʻtash, malaka oshirish imkoniyatlari yaratiladi. Ushbu institut rahbari, professor Li Oʻng Kian viloyat hokimi bilan boʻlgan samimiy muloqot chogʻida hamkorlik qoʻllab-quvvatlanayotganidan minnatdorlik bildirdi.

Ushbu yangiliklar va oʻzgarishlarni tahlil qilar ekanmiz, bugungi yangi davr, oʻzgarishlar bilan dunyoga oʻzini ochayotgan Oʻzbekiston turizm orqali koʻhna tarixi, investitsiyaviy jozibasi, goʻzal va betakror tabiati, qulay geografik oʻrni hamda moʻtadil iqlimi turizmni mamlakatning yetakchi drayveriga aylantirishiga ishonamiz.

Xulosa oʻrnida aytganda, mamlakatimizda nafaqat turizm, balki barcha sohadagi islohotlar ortga qaytmaydigan real haqiqatga aylangan. Amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar oʻz natijasini berib, taraqqiyot sari dadil odimlar tashlanmoqda. Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi esa Oʻzbekistonning turizm sohasida yangi davr boshlanishidan dalolat bermoqda.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?