Samarqand davlat universitetiga 5 yulduzli universitet maqomi berildi
Samarqand davlat universiteti dunyoning eng nufuzli Quacquarelli Symonds (QS), Times Higher Education kabi reyting agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Natijada universitet Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib QS Stars reytingida 5 yulduzli maqomni qoʻlga kiritdi. Bu haqda OTM axborot xizmati “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur tizim oliy taʼlim muassasalarini global miqyosda baholovchi dunyoning 3 eng yirik reyting agentliklaridan biri boʻlgan Buyuk Britaniyaning QS xalqaro reyting agentligi tomonidan tashkil etilgan. U 2009-yildan buyon universitetlarga oʻzlarining kuchli sohalarini targʻib qilish, zaif tomonlarini aniqlash va yaxshilashga yordam berib kelmoqda.
QS Stars reytingi universitetlarni 13 kategoriya boʻyicha: taʼlim sifati, bitiruvchilarning ishga joylashtirish, tadqiqot, xalqarolashtirish, akademik rivojlanish, qulayliklar, onlayn taʼlim, innovatsiyalar, sanʼat va madaniyat, inklyuzivlik, ijtimoiy masʼuliyat, atrof-muhitga taʼsir va tanlangan mutaxassislik mezonlariga asoslangan holda baholaydi. Mazkur reytingga kirish uchun universitetlar eng kamida yuqoridagi 8 yoʻnalishni tanlab maʼlumotlar taqdim etadi.
Reyting tizimining asosiy maqsadi boʻlajak talabalarga universitet tanlashda foydalanish uchun qoʻshimcha vosita berish, alohida muassasalar haqida chuqurroq maʼlumot berishga qaratilgan.
“QS kompaniyasi Samarqand davlat universiteti faoliyatini baholashni 2023-yil 1-noyabrda boshladi va natijalar 2024-yil eʼlon qilindi. 8 faoliyat yoʻnalishi va 50 dan ortiq koʻrsatkichlar boʻyicha maʼlumotlar chuqur tahlil qilindi. Unga koʻra, universitet ishtirok etgan koʻrsatkichlar boʻyicha toʻplash mumkin boʻlgan maksimal 1000 baldan 780 ball toʻpladi”, deyiladi xabarda.
Universitet taʼlim sifati kategoriyasi boʻyicha mavjud 4 koʻrsatkichning 3 tasi, jumladan, talabalarning taʼlim sifatidan va universitetda yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi, bitiruvchilarning taʼlimni keyingi bosqichlarida davom ettirish koʻrsatkichlari boʻyicha maksimal ballni qoʻlga kiritgan.
QS tomonidan global miqyosda ish beruvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijalariga koʻra, Samarqand davlat universiteti 158 nafar ish beruvchilar tomonidan sifatli kadrlar yetkazib berishi eʼtirof etildi. Universitet bitiruvchilarining 90 foizdan ortigʻi oʻqishni tugatgandan keyin 24 oy ichida doimiy ishga joylashdi. OTMda “Karyera” markazi tashkil etilgan. Natijada bitiruvchilarning ishga joylashishi koʻrsatkichi doirasida ham 5 yulduzga ega boʻldi.
Soʻnggi yillarda SamDUda 20 ga yaqin qurilishlar: oʻquv binolari, talabalar turar joylari, sport inshootlari, ilmiy laboratoriyalar, IT markaz qad rostladi. Bu esa QS reyting agentligi tomonidan ham eʼtirof etildi. Universitetda yaratilgan qulayliklar kategoriyasi boʻyicha ham 5 yulduz bilan baholandi.
Tanlangan taʼlim yoʻnalishi kategoriyasida baholash uchun fizika taʼlim yoʻnalishi tanlangan edi. Fizika yoʻnalishida oʻqishga kirishda har bir oʻrin uchun 15,8 nafar abituriyent ariza topshirganligi, talabalarning 94 foizi oʻz vaqtida oʻqishni tugatayotganligi, 94,1 foizi esa taʼlim sifatidan mamnun ekanligi natijasida bu yoʻnalishda ham 5 yulduz qoʻlga kiritildi.
Reytingdagi yana bir muhim koʻrsatkichlardan biri bu ijtimoiy masʼuliyatdir. SamDU talabalarining 79 foizi samarqandlik ekanligi hududiy inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari universitet tashabbusi bilan Nurobod va Qoʻshrabod tumanlarida 17 gektar bogʻ barpo etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring