Samarqand davlat chet tillar instituti 30 yoshda
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. 1994-yil 8-noyabr kuni “Samarqand davlat chet tillar institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilingan edi. Ana shu voqelikka bu yil 30-yil toʻldi.
Mazkur sana munosabati bilan institutda turli madaniy tadbirlar boʻlib oʻtdi. Dastlab, talabalar festivali tashkil etilib, barcha fakultetlar ishtirokida koʻrgazmalar, intellektual oʻyinlar va sport musobaqalari uyushtirildi. Badiiy dasturlar namoyish etildi.
Tantanali marosim avvalida esa xorijiy davlatlardagi hamkor oliy oʻquv yurtlari rahbarlari, yurtimizdagi diplomatik korpus vakillarining videotabriklari namoyish etildi.
Samarqand viloyati hokimining institut jamoasiga tabrigi oʻqib eshittirildi.
Shundan soʻng institut rektori Bahodir Xoliqov soʻzga chiqib, barcha mehmonlar, professor-oʻqituvchilar va talabalarni tabrikladi. Institut tashkil etilganidan buyon unga rahbarlik qilgan sobiq rektorlar taklif etilib, ularga minnatdorlik ramzi sifatida toʻnlar kiydirildi.
Sobiq rektorlar Shahriyor Safarov, Gʻanisher Rahimov, Shuhrat Sirojiddinov, Ilhomjon Toʻxtasinov soʻzga chiqib, oʻz faoliyatlari davomida amalga oshirilgan ishlar, institutning kechagi kunini yodga oldi.
Qayd etilganidek, Samarqand davlat universitetining tegishli fakulteti negizida tashkil etilgan mazkur institutda dastlabki yillarda nemis filologiyasi, ingliz filologiyasi, fransuz filologiyasi va maktabgacha tarbiya fakultetlari hamda falsafa va iqtisodiyot, umumiy tilshunoslik, jahon adabiyoti kabi kafedralar faoliyat koʻrsatgan. 500 nafar atrofida talaba tahsil olgan.
Institut jamoasining yillar davomida orttirgan tajribasi, toʻplagan malakasi, koʻrsatgan fidoyiliklari natijasida ana shu yangi ilm-maʼrifat maskani oʻz oʻrniga ega boʻlgan oliy oʻquv yurti sifatida eʼtirofga sazovor boʻldi. Bugunga kelib Samarqand davlat chet tillar instituti 13 ming nafarga yaqin talaba tahsil olayotgan, faqatgina Oʻzbekistonda emas, xorijda ham tanilgan oliy taʼlim muassasalaridan biriga aylandi. Institut nafaqat Samarqand, balki Navoiy, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun xorijiy til mutaxassislarini tayyorlovchi yetakchi taʼlim dargohidir.
— Hozir oliygohda 8 ta fakultet, 25 ta kafedra faoliyat koʻrsatmoqda, — deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov. — 19 ta taʼlim yoʻnalishi, 16 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda. Mehnat bozoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, joriy oʻquv yilidan Turizm va mehmondoʻstlik taʼlim yoʻnalishi ochildi. Mazkur taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarida 12500 nafardan ziyod bakalavrlar, 400 nafarga yaqin magistrlar tahsil olmoqda. Ularga saboq berayotgan 553 nafar professor-oʻqituvchining 161 nafari ilmiy darajaga ega. Taʼlim sifatini oshirish maqsadida keyingi ikki yilda 54 nafar xorijlik mutaxassis ishga jalb qilindi.
Chet tili mutaxassislariga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Narpay va Payariq tumanlarida institut filiallari ochilib, xorijiy tillar fakultetlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunda mazkur fakultetlarda uch yoʻnalish boʻyicha 580 nafardan ortiq talabalar tahsil olmoqda. Bu fakultetlar uchun ikki tumanda ham bino ajratilib, oʻtgan davr mobaynida talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun zarur sharoitlar yaratildi, talabalar turar joylari qurildi.
Bundan tashqari, ayni paytda Samarqand tumani markazi boʻlgan Gulobod qoʻrgʻonida ham institut uchun yana bir bino ajratilib, rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Bu yerda ming oʻrinli oʻquv binosi, shuningdek, talabalar turar joylari tashkil etilmoqda.
— Joriy oʻquv yili avvalida institutning 2000 oʻrinli yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirildi, — deydi B.Xoliqov. — 74 milliard 287 million soʻm mablagʻ hisobidan bunyod etilgan 7 qavatli binoda 85 ta oʻquv xonasi, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan 300 oʻrinli mustaqil taʼlim xonasi, 320 oʻrinli faollar zali, axborot-resurs markazi, 2 ta sinxron tarjima amaliyoti xonasi, muzey, konferensiyalar zali hamda sport va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga moʻljallangan 5 ta xona mavjud. Mazkur binoda uchta fakultet talabalari tahsil olmoqda.
Umuman, dastlab bittagina oʻquv binosida faoliyat boshlagan institutda hozirda oʻquv binolari soni 7 taga, talabalar turar joylari 5 taga yetdi. Yaqin yillarda bu raqamlar yanada oshishi kutilmoqda. Buning uchun oliy oʻquv yurtining iqtisodiy imkoniyatlari ham, ilmiy salohiyati ham yetarli. Bu albatta, yurtimizda oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, oliygohlarga moliyaviy va akademik mustaqillik berilishi samarasidir.
Qabul kvotalarining oshirilishi, institut uchun ajratilayotgan mablagʻlar, xorijiy grantlar, taʼlim jarayoni, oʻquv dasturlari bugungi kun talablari asosida yoʻlga qoʻyilgan. Taʼlim kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan. Boshqaruv va taʼlim tizimini raqamlashtirish maqsadida 2020/2021 oʻquv yilidan oʻquv jarayonlari HEMIS axborot-boshqaruv tizimida olib borilmoqda. Natijada oʻquv jarayoni toʻliq elektronlashtirilib, dars jadvallari, reyting daftarchasi, akademik guruh jurnali, talabalar davomati, nazoratlar jadvali, qaydnomalar, toʻlov shartnomalari mazkur tizim orqali elektron shaklda yuritilmoqda.
Institut jamoasi viloyatning olis hududlaridagi taʼlim samaradorligi past boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablariga oʻquv-uslubiy jihatdan yordam koʻrsatib kelmoqda. Jumladan, Nurobod tumanidagi 16 ta maktabda institut professor-oʻqituvchilari tomonidan mahorat saboqlari tashkil etilmoqda, oʻqituvchilar tajribasi oshirilyapti. Bu, albatta, maktabda taʼlim sifati va samaradorligi oshishiga xizmat qilmoqda.
Oliygoh tomonidan Qoʻshrabot tumanida yashayotgan kam taʼminlangan oila farzandlari, xorijiy davlatlarga ishlash maqsadida ketayotgan fuqarolar uchun tumanning ikki hududida xorijiy tillarni oʻqitishga moʻljallangan oʻquv markazlari tashkil etilgan. Ushbu markazlar uchun tumandagi 82-umumtaʼlim maktabi binosidan 5 ta xona, Joʻshota hududidagi kasb-hunar kolleji binosidan 5 ta xona ajratildi. Mazkur xonalarda dastlab institut mablagʻlari hisobidan taʼmirlash ishlari olib borildi. Oʻquv markazlari Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan jihozlar, oʻquv adabiyotlar, koʻrgazmali vositalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan taʼminlandi. Mazkur markazlar oʻquvchilariga Samarqand davlat chet tillar institutining malakali professor-oʻqituvchilari tomonidan ingliz, nemis va koreys tillari oʻqitilmoqda. Olib borayotgan bu ezgu ishlar, albatta, qisqa vaqtda oʻz natijalarini koʻrsatadi.
Hozirgi kunda institut dunyoning rivojlangan davlatlari — AQSH, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoyning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda.
Oliy taʼlim muassasalari muvaffaqiyatining asosiy koʻrsatkichlari global reytingdir. Institut jamoasi reytingni koʻtarish uchun zarur boʻlgan talablar ustida ishlash vazifasini sidqidildan bajarib kelyapti. Joriy yil oliygoh “Times higher education” reyting tizimi natijalariga koʻra 1001-1500 talik roʻyxatga kirdi. Mana shu saʼy-harakatlar natijasida 2030-yilga borib institut xalqaro eʼtirof etilgan taʼlim muassasalari reytingida 1000 talikdan oʻrin olish maqsadi yoʻlida hamjihat boʻlib harakat qilmoqda.
Samarqand davlat chet tillar instituti tashkil etilganining 30-yilligi munosabati oʻtkazilgan tantanali marosimda oliy oʻquv yurti rivojiga katta hissa qoʻshgan professor-oʻqituvchilar hamda intellektual oʻyinlar va sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan talabalarga tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring