Samarqand, Andijon yoki Toshkent… Oʻzbekistonda aholi eng zich joylashgan hudud qaysi?

Statistika agentligining 2025-yil 1-yanvar holatida bergan maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston hududida har bir kvadrat kilometrga oʻrtacha 86,6 kishi toʻgʻri kelmoqda. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 kishiga oshgan. Aholi zichligi mintaqalarga qarab sezilarli farqlanadi. Eng kam aholi joylashgan hududlar asosan choʻl mintaqalari boʻlsa, eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida kuzatilgan.
Hududlar kesimida eng zich aholi yashaydigan viloyat Andijon viloyati boʻlib, bu yerda har bir kvadrat kilometrga 804,9 kishi toʻgʻri kelmoqda. Shuningdek, Fargʻona (613,1 kishi) va Namangan (420,9 kishi) viloyatlari ham aholi zichligi yuqori boʻlgan hududlar qatoridan joy olgan. Ushbu viloyatlar mamlakatning eng kichik hududlari boʻlib, aholi sonining ortishi yerga boʻlgan talabni oshirmoqda.
Toshkent shahri esa aholining eng zich yashaydigan hududi sifatida ajralib turibdi. Bu yerda har bir kvadrat kilometrga 6 ming 948,1 kishi toʻgʻri keladi. Poytaxt aholining tabiiy oʻsishi, ichki migratsiya va urbanizatsiya jarayonlari natijasida yil sayin gavjumlashib boryapti. Poytaxtdan keyin eng koʻp aholi joylashgan viloyatlar qatorida Xorazm (335,9 kishi), Samarqand (256,3 kishi) va Sirdaryo (217,5 kishi) viloyatlari qayd etilgan.
Aholi eng kam joylashgan hududlar qatoriga esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi (12,2 kishi) va Navoiy viloyati (9,9 kishi) kiradi. Ushbu mintaqalarda keng choʻl hududlari mavjud boʻlib, iqlim sharoitining qiyinligi va infratuzilma yetishmovchiligi aholining kam yashashiga sabab boʻlayotgani iddao qilinadi. Shuningdek, Buxoro (51,6 kishi) va Jizzax (72,5 kishi) viloyatlari ham aholining kam joylashgan hududlari qatoriga kiradi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, aholining zich joylashishi infratuzilma, transport tizimi va ekologik muhitga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli, aholining teng taqsimlanishi va yangi sanoat hududlarini rivojlantirish masalalari dolzarb boʻlib qolmoqda. Oʻzbekiston hukumatining kelgusi rejalarida aholining haddan tashqari zichlashib borayotgan hududlarini muvozanatlash va iqtisodiy imkoniyatlarni viloyatlar boʻylab teng taqsimlash boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Aziz Toshpoʻlatov Ichki ishlar vaziri boʻldi
- Eldor Shomurodov “Roma” klubining fevral oyidagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi
- IIV sobiq rahbari Poʻlat Bobojonov yangi lavozimga tayinlandi
- Navoiyda 8-sinf oʻquvchisi farzandli boʻldi
- Oʻzbekistonda 8-iyundan chiqindidan qarzdorlar elektr uchun toʻlov qilolmaydi
- “Tilimizga befarq boʻlmang!” Atamalar komissiyasi 30 ta xorijiy soʻz uchun oʻzbekcha muqobil taklif qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring