Samarali boshqaruv va innovatsion yondashuv: Qishloq xoʻjaligi kooperativlarini rivojlantirish garovidir

17:18 10 Noyabr 2025 Jamiyat
286 0

Buxoroda Oʻzbekiston fermerlari kengashi, Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab – quvvatlash jamgʻarmasi, viloyat hokimligi hamkorligida “Qishloq xoʻjaligi kooperativlarini rivojlantirish: samarali boshqaruv va innovatsion yondashuvlar” mavzuida amaliy seminar boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida qator meʼyoriy – huquqiy hujjatlar qabul qilindi.Davlatimiz rahbarining “Paxta xom ashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qoʻllashni izchil davom ettirish chora – tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, “Qishloq xoʻjaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora – tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori shular jumlasidan.

Bugungi kunda respublikaning 48 tumanida paxta va gʻallachilik yoʻnalishida jami 85 ta kooperativ tashkil etilgan. Ularga aʼzo fermerlar soni 1511 nafarni, umumiy yer maydoni esa 41 ming gektarni tashkil etmoqda. Kooperativlar dehqonchasiga aytganda, fermerlar boshini bir yerga qovushtirish nuqtayi nazaridan foydali. Zero, hamjihatlik agrar sohaning ertangi barqarorligi garovidir.

2024-yilning 8-noyabrida “Qishloq xoʻjaligi kooperativlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinishi bilan sohadagi munosabatlar toʻliq tartibga solindi.Kooperativni tashkil etish, boshqarish va tugatish mexanizmlariga aniqlik kiritildi. Yangi tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi maʼlum muddatga 1 foiz etib belgilandi. Kooperativlarga ishga qabul qilingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkasi maʼlum muddatga 1 foizgacha kamaytirildi. Tuproq unumdorligini oshirish tadbirlarini amalga oshirgan kooperativlarga 3-yil muddatga yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar tatbiq etish koʻzda tutildi. Shuningdek, tegishli qaror asosida fermerlar yetishtirgan paxtani klasterlarga majburiy sotish tizimidan voz kechilib, mahsulotni kooperativlar orqali toʻgʻridan – toʻgʻri, ortiqcha toʻsiqlarsiz sotish imkoniyati yaratildi.

-Maqsad oʻrganish , ilgʻorlar tajribasini hayotga tatbiq etish, pirovardida agrar sohani rivojlantirishdan iborat, -deya taʼkidladi seminarni boshqarib borgan Oʻzbekiston fermerlari kengashi raisi oʻrinbosari, Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasi rahbari Toʻlqin Sattorov .

Tadbirda Oʻzbekiston Fermerlari kengashi huzuridagi Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan berilgan imtiyozli kreditlar haqida maʼlumot berildi. Jumladan, “Peshku oltin tola” ishlab chiqarish kooperativiga aylanma mablagʻ uchun 10 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratildi.

Seminarda meva-sabzavotchilik yoʻnalishida infratuzilmani rivojlantirish, mahsulotni saqlash va qayta ishlash tizimini qurish uchun berilgan yangi imtiyozlar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, “Agrosubsidiya” va “Hosil qabuli” axborot tizimlariga maʼlumotlarni elektron ravishda kiritish, omborlarni raqamlashtirish va hisobotlarni avtomatlashtirishning ahamiyatiga doir joʻyali fikr – mulohazalar bildirildi.

“Zarhalteks” korxonasi faoliyati hamda “Buxoro – Varnet” masʼuliyati cheklangan jamiyatining botanika bogʻi bilan tanishuv seminar ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?