Sabr, matonat, mustahkam iroda sportchining asosiy “quroli”

11:55 31 May 2022 Sport
1240 0

Foto: Shavkat Akramov

Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va sanʼat fakulteti talabasi Nilufar Polvonova, qoʻl jangi sporti boʻyicha Jahon va ikki karra Oʻzbekiston chempioni, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi.

U sportda erishgan muvaffaqiyatlari siri haqida quyidagilarni soʻzlab berdi:

— Besh yildan buyon ushbu sport bilan shugʻullanaman. Hozirda sport ustasi, Jahon chempioni Nazir Muyinov murabbiyligi ostida shugʻullanib kelmoqdaman, — deydi N. Polvonova. — Bolaligimdan jang mashgʻulotlarini sevib tomosha qilardim. Ushbu qiziqish meni sportga kirishimga sababchi boʻlgan. Har bir ishning mashaqqati boʻlganidek, sportchida ham ulkan masʼuliyat bor. 

Mashgʻulot jarayonlarida bir qator qiyinchiliklarni yengishga toʻgʻri keladi. Bu uchun sabr, matonat, mustahkam iroda va doimo yaqinlarning daldasi kerak boʻlar ekan. Har gal jarohat olganimda ota-onam sportni tark etishimni qatʼiy talab qilishgan. Ammo, men hayotimni sportsiz tasavvur qilolmayman. Kuchli sportchilarga doim havas bilan qaraganman, ular kabi boʻlishga intilganman. Niyatim xolis ekan bularga birin-ketin erishyapman. 

Shu kunga qadar ikki karra Oʻzbekiston chempioni boʻldim. 2019-yil qoʻl jangi boʻyicha Nargiza Narziqulova Belorussiyada oʻtkazilgan Jahon chempionatida kumush medalni qoʻlga kiritgan edi. Biz bir zalda mashgʻulot olib boramiz. Aynan, men shu kishidek Jahon chempioni boʻlaman, deb harakat qildim, intildim. 

Mehnatlarim samarasida 19-22-may Buxoro shahrida oʻtkazilgan Jahon chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdim. Finalda Qozogʻistonlik raqibim bilan jang qilib gʻalaba qozonganimda, xursandchiligimdan quvonch yoshlarimni toʻxtatolmadim. Meni qoʻllab-quvvatlash uchun kuzatib turgan ota-onamning xursandchiligini koʻrganingizda edi, goʻyoki dunyoga sigʻmay ketishdi.

Oʻzbekiston davlat madhiyasi yangrab, bayrogʻimiz baland koʻtarilganida sportni toʻgʻri tanlaganimga va shu yurtning farzandi ekanligimdan faxrlandim, gʻururlandim.

Bu hali boshlanishi, kelajakda oʻz oldimga ulkan maqsadlarni qoʻyganman. Birinchi marta oʻz yurtimda Vatanimiz bayrogʻini koʻtardim. Endi esa jahon boʻylab yurt bayrogʻini koʻtarib, uning sharafini himoya qilmoqchiman. Buning uchun men doim harakatdaman…

SamDU axborot xizmati xodimi Behruz Shamsiddinov yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер