Rossiya xavfsizlik kuchlari Voronej shahridagi qurilish maydonlarida muhojirlarga qarshi uyushtirgan reyd davomida 45 nafar Oʻzbekiston fuqarosini qoʻlga oldi, deb xabar bermoqda «The Insider».
Manbaga koʻra, Rosgvardiya jangchilari koʻmagida 45 nafar Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olingan. Ulardan 12 nafari hujjatlarini tekshirish uchun politsiya boʻlimiga olib ketilgan.
Keyinchalik ularga nisbatan Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksning «Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan noqonuniy ishga joylashish» moddasi boʻyicha 12 ta bayonnoma tuzilgan. Shuningdek, ish beruvchiga nisbatan Voronej IIB tomonidan tekshiruv tayinlangan.
Politsiya taqdim etgan videoda bir qancha ishchi yerga majburan oʻtqazilgani, niqoblangan va avtomat bilan qurollangan shaxslar qolgan ishchilar guruhini saf tortgan holda olib kelayotganini koʻrish mumkin. Shuningdek, videoda politsiyachilardan biri u yerda hech qanday stul yoʻq boʻlsada, ishchilarga «на стуля присаживайтес» (stullarga oʻtiring) degani eshitiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring