Rossiya va Xitoy yetakchilari nima haqida gaplashdi?
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin oʻrtasida video shakldagi muloqot boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik, xavfsizlik masalalari va iqtisodiy hamkorlikning yanada rivojlantirilishi muhokama qilindi.
Vladimir Putin Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi savdo hajmi joriy yilda 7 foizga oʻsib, 220-245 milliard AQSH dollarga yetganini taʼkidladi. Qayd etish kerakki, Rossiya Xitoyga neft va tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha yetakchi mamlakat boʻlib qolmoqda. Putin, shuningdek, ikki davlatning energetika sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlash va boshqa sohalarda ham hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi.
Putinning taʼkidlashicha, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning haqiqiy tarixiy mazmunini notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatishga yoʻl qoʻymaslik, ushbu voqea haqida haqqoniy maʼlumotni saqlab qolish va kelajak avlodlarga yetkazish Rossiya va Xitoy uchun ustuvor ahamiyatga ega. Ikkinchi jahon urushidagi gʻalaba xotirasi ikki xalq uchun muqaddasdir. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya va Xitoy boʻlinmas xavfsizlikni taʼminlash uchun hamkorlikda ish olib boryapti va koʻp qutbli dunyo tartibini qoʻllab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Si Szinpin Rossiya bilan munosabatlarni 2025-yilda yangi strategik bosqichga koʻtarishga tayyorligini bildirdi. Uning aytishicha, Xitoy va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik nafaqat energetika sohasida, balki barcha jabhalarda keng koʻlamli taraqqiyotni taʼminlash uchun xizmat qiladi. Xitoy yetakchisi, shuningdek, sharqiy yoʻnalishdagi Xitoy-Rossiya gaz quvuri belgilangan muddatdan oldin toʻliq quvvatga chiqarilganini maʼlum qildi.
Uchrashuv davomida ikki yetakchi xalqaro maydonda koʻp qutbli dunyo tartibini yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashini, iqtisodiy hamkorlik va xavfsizlik boʻyicha strategik sheriklikni yanada mustahkamlash niyatida ekanini bildirishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring