Rossiya Ukraina aholisini taslim boʻlishga majburlamoqchi — tahlilchi

Foto: AP
Rossiya Ukrainaga urush boshlanganidan beri eng katta havo zarbasini berdi. Bu haqda 9-iyun kuni ertalab Ukraina harbiylari xabar berishdi. Ularning maʼlumotlariga koʻra, Kreml 479 ta uchuvchisiz samolyot va 20 ta qanotli raketalarni uchirib, nafaqat mamlakatning sharqi va janubidagi yirik shaharlarga, balki, gʻarbiy mintaqalariga ham hujum qildi.
“Bild” hisob-kitoblariga koʻra, soʻnggi bir hafta ichida Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina shaharlariga 1114 ta raketa va dronlarni uchirgan. Asosiy zarbalar Kiyev, Xarkov, Dnepr, Lusk va Ternopolga berilgan.
Nashr harbiy sharhlovchisi Julian Repkening taʼkidlashicha, Rossiya avvalgidan koʻra koʻproq dronlarni uchirmoqda. Shu bilan birga, hujumlar Ukrainadagi turar-joy binolari, mehmonxonalar, savdo markazlari yoki temir yoʻl stansiyalari kabi fuqarolik obyektlariga ham berilmoqda.
“Biz bir necha oydan beri hujumlarda dronlarning ulushi ortib borayotganini koʻrmoqdamiz va ular kattaroq jangovar kallaklar va boshqa texnik jismlar bilan jihozlangan. Shunday qilib, Rossiya tinch aholi qurbonlari umidsizlikka olib kelishini bilib, Ukraina aholisini taslim boʻlishga majburlamoqchi”, — deydi Berlindagi “European Resilience Initiative Center” tahlil markazi direktori Sergey Sumenniy.
Shunga qaramay, soʻnggi soʻrovlarga koʻra, ukrainaliklarning 60 foizi urushning qiyinchiliklariga dosh berishga tayyor. Yana 6 foizi bir yilgacha, 20 foizi esa taxminan olti oygacha urush talofatlariga chidashga rozi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Qurolli kuchlarining zarbalari AQSH va boshqa mamlakatlarning Rossiyani tinchlikka “majburlash” urinishlaridan “balandroq boʻlganini” aytdi va shu sababli Moskvaga qarshi chora koʻrishga chaqirdi.
“Rossiyaning bu va boshqa shunga oʻxshash zarbalariga javob dunyoning jim turishi emas, balki aniq harakatlar boʻlishi muhim. Rossiyani tinchlikka majburlash qudratiga ega boʻlgan AQSHning harakatlari. Kuchli boʻlishga muqobil boʻlmagan Yevropaning harakatlari”, — dedi Zelenskiy.
Uning fikricha, tinchlik uchun Rossiyaga “qattiq bosim” qilish kerak.
Rossiya harbiylari Ukraina infratuzilmasiga zarba berishni 2022-yil oktabr oyida, Qrim koʻprigidagi portlashdan koʻp oʻtmay boshlagan. Oʻshandan beri Ukrainaning turli mintaqalarida, koʻpincha butun mamlakat boʻylab havo hujumi sirenalari muntazam ravishda yangrab kelmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi maʼlumotlariga koʻra, hujumlar energetika sektori, mudofaa sanoati, harbiy boshqaruv va aloqa obyektlariga amalga oshirilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring