“Rossiyskaya gazeta”: “Sharqiy ekspress”. Yoxud Oʻzbekistonda kadrlar siyosati va turizm infratuzilmasi qay ahvolda? Mutasaddilar javob berdi

Rossiyaning nufuzli “Rossiyskaya gazeta” nashrida ushbu sarlavhada Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, xususan, turizm sohasidagi tub oʻzgarishlarga bagʻishlangan maqola eʼlon qilindi. Taniqli jurnalist Vladimir Snegirev qalamiga mansub ushbu materialni ayrim juzʼiy qisqartirishlar bilan eʼtiboringizga havola etyapmiz.
“Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan chegaradosh boʻlgan yagona davlatdir. Yaqin-yaqinlargacha uning chegaralariga “qulf osilgan” edi. Ammo soʻnggi yillarda Toshkent ochiqlik va keng xalqaro hamkorlik yoʻliga chiqdi. Bu amalda qanday boʻlyapti?
Buyuk Ipak yoʻli qayerga boshlaydi?
Pusan universitetining lingvistika kafedrasi professori Azamat Akbarov Janubiy Koreyaga kelishdan oldin uzoq vaqtlar Yevropa universitetlarida dars berib kelgan. U oʻzining 42 yoshida ilm-fan sohasida koʻp yutuqlarga erishdi, hamkasblari orasida katta obroʻ qozondi, ammo oʻzi tugʻilib oʻsgan ona Samarqandini hech unuta olmasdi. Binobarin, professor Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda roʻy bergan oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatib bordi, ayniqsa, zamonaviy ziyoli sifatida taʼlim tizimidagi islohotlarni alohida qiziqish bilan oʻrgandi. Hatto mashhur taʼlim internet-portalida oʻzining tanqidiy kolonkasini ham yuritdi. Doimiy chiqishlarida u korrupsiya, dissertantlarning koʻchirmakashliklari, past darajada taʼlim berish kabi oʻtkir muammolarni koʻtarib chiqdi...
Bularning barchasi nima bilan yakunlandi? Azamat Akbarovni vataniga taklif etishdi. U yaqinda tashkil etilgan turizm universitetida oʻquv jarayonini yoʻlga qoʻyishi kerak edi. Professor ortiqcha oʻylab oʻtirmadi.
Birinchi prorektor sifatida u oʻz ishini insoniy fazilatlari va malakasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan, tanish-bilishchilik hamda oshna-ogʻaynigarchilik orqali ishga kirgan oʻqituvchilarni lavozimidan boʻshatishdan boshladi.
Zotan, Azamat Akbarov avvalboshidanoq Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetiga shunchaki navbatchi oʻquv muassasasi sifatida emas, balki zamonaviy tipdagi oliy maktab sifatida qaradi. Shuning uchun oʻqituvchilar va talabalarga eng qatʼiy talablarni qoʻydi.
- Bitiruvchilarimiz misolida mamlakatimizga baho berishadi, - deydi professor. – Shu bois ular benuqson koʻrinishlari kerak.
Mazkur taʼlim dargohida 13 ta fanning barchasi ingliz tilida oʻtiladi. 70 nafar oʻqituvchi – chet ellik. Har bir xorijlik muallimga oʻqishsin, metodika va taʼlim berish usullarini oʻrganishsin deb ikki nafardan mahalliy xodim biriktirib qoʻyilgan. Zero, shu asnoda kadrlar zaxirasi ham shakllanadi.
Bugungi kunda birinchi prorektor OTMda yana uchta kafedra ochishga tayyorgarlik koʻryapti. Bular media kommunikatsiyalar(u yerda trevel-(sayohatchi) jurnalistlar va blogerlar tayyorlanadi), amaliy xorij tillari, IT texnologiyalar asosida smart turizm yoʻnalishlaridir. Ayni paytda u Sorbonna rahbariyati bilan muzokaralar olib boryapti. Bundan koʻzlangan maqsad – samarqandlik talabalar uchun Sena sohillarida stajirovka oʻtash imkoniyatini yaratish.
- Sizning tanqidiy kolonkangiz nima boʻldi? – soʻraymiz professordan. – Tashlab qoʻydingizmi?
- Hech qanaqasiga. Bu kimgadir yoqadimi-yoʻqmi, yuritishda davom etyapman.
Siz bilan va sizsiz
Oʻzbekistonga safarim haqidagi hisobotni bejizga yuqoridagi epizoddan boshlamadim. Sababi u koʻp jihatlari bilan namuna boʻla oladi. Yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev bundan uch yil oldin mamlakat ochiqlik, uning demokratik qadriyatlarga sodiqlik, yirik iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yoʻliga oʻtganini eʼlon qilgandi.
Mazkur oʻzgarishlar esa kadrlar salohiyatiga umuman boshqacha yondashuvni talab etishi tushunarli. Mana, Toshkent nima uchun qachonlardir u yoki bu sabab bilan mamlakatni tark etib, xorijda yaxshi taʼlim olganlarga, yosh, kuch-gʻayratga toʻlganlarga, mustaqil fikrlaydiganlarga diqqatini qaratdi. Azamat Akbarov ham ana shular sirasiga kiradi. Binobarin, turizm yangi iqtisodiy siyosatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida tanlangan ekan, ufqda mana shunday yorqin va ilgari mahalliy rahbarlar landshafti uchun noodatiy boʻlgan kadrlarning paydo boʻlishi tabiiydir.
Ularning qatoridan joy olgan yana bir yangi tanishim “MIFI” Milliy yadro tadqiqot instituti filiali ijrochi direktori Alisher Sanetullayevdir. Michigan universitetining yosh bitiruvchisi Toshkent yaqinidagi yadro energetikasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan yangi OTMga rahbar etib tayinlanganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Jizzax viloyatida birinchi atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha qaror qabul qilingandan soʻng bunday mutaxassislarga talab koʻpayishi shubhasiz. Ushbu qurilish “Rosatom” bilan birgalikda olib boriladi, bugun bu haqda Oʻzbekistonda koʻp gapirishmoqda, yozishyapti.
Umuman olganda, Rossiya bu yerdagi yirik islohotlarda muhim oʻrin egallayapti. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti filiali rektori Qalandar Abdurahmonov RIU bilan hamkorlikda ochilgan zamonaviy “aqlli” auditoriyalarni gʻurur bilan koʻrsatdi. Enter Engineering kompaniyasi maʼmuriy direktori Timur Abdullayev esa Humo Arena sport-tomosha majmuasi boʻylab ekskursiya uyushtirib berdi...
12500 oʻrinli tribunaga ega ushbu noyob inshoot ochilishida Moskvadan kelgan eng mashhur xokkey yulduzlari ishtirok etibdi.
Butun mamlakat boʻylab quloch yozgan qurilish maydonlariga chet ellik investorlar avvaliga jurʼatsiz munosabat bildirgan boʻlsa, hozir ularning qiziqishlari juda faol darajaga koʻtarilgan. Hatto bu xorijga pul ishlash uchun ketganlarning ham eʼtiborini tortyapti. Suhbatdoshimning tasdiqlashicha, yaqin-yaqinlargacha Rossiyada Oʻzbekistondan 6 milliondan ortiq mehnat migrantlari ishlayotgan boʻlsa, bugun ularning yarmi vataniga qaytib kelgan.
Faqat palovgina emas..
Keling, yana maqola boshida hikoya qilganim – Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga qaytamiz. Bugun turizm, shubhasiz, eng sezilarli koʻrsatkichlardan biridir. Birgina dalil: tanishish maqsadida respublikaga kelganlar soni oxirgi uch yilda ikki barobardan ziyodga koʻpaygan, sayyohlik tarmogʻidan olinayotgan daromadni esa endilikda ilgari paxta eksporti davlatga bergan daromad bilan qiyoslasa boʻladi.
Hukumatda turizm sohasiga bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov masʼul. U ham yosh, jiddiy – yangi tipdagi rahbar. Yaponiyada oʻqigan, Toshkentda qator yuqori lavozimlarda ishlab, rahbarlikning yaxshi maktabini oʻtagan. Aynan u asosiy vazifasidan tashqari “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti rektori ham hisoblanadi. Bu ham davlat tomonidan turizmga eʼtibor qaratilayotganining yana bir tasdigʻidir.
U bilan suhbatimiz Samarqanddagi qadimgi madrasa devorlari tagida kechdi. Shu kuni xalqaro marafon ishtirokchilari, 23 davlatdan kelgan yuguruvchilar finishga yetib kelishgan edi. Vaqti-vaqti bilan bosh vazir oʻrinbosari, uzr soʻrab, navbatdagi gʻolibni taqdirlash uchun sahnaga koʻtarilar edi. Shu orada unga bir qator savollar berishga ulgurdim.
— Bu sizlarda bir martalik aksiyami yoki tez-tez uyushtirib turasizlarmi?
Aziz Abduhakimov: — Deyarli har kuni. Biz Oʻzbekistonni festivallar mamlakati deb eʼlon qildik. Shuning uchun turli shaharlarda xalqaro turnirlar, folklor bayramlari, hunarmandchilik koʻrgazmalari, sanʼat namoyandalari bilan uchrashuvlar, konferensiyalar, yarmarkalar, koʻrik-tanlovlar... doimo oʻtkazib turiladi.
Biz dunyoga ochiqmiz deganimizda, bu shunchaki deklaratsiya emas. Avvallari bor-yoʻgʻri 9 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga vizasiz kelishlari mumkin edi, bugun ularning soni 86 taga yetdi. Prognozlarga koʻra, 2023-yilda 10 mln. nafar mehmonni qabul qilamiz.
Shunga yarasha qonunchiligimizda ham inqilobiy oʻzgarishlar qabul qilindi. Misol uchun, xorij fuqarolarining Oʻzbekistonda boʻlishi boʻyicha turli cheklovlar olib tashlandi. Ilgarilari ular oʻz doʻstlari yoki qarindoshlari kvartiralari va uylarida qolish huquqiga ega emas edilar. Roʻyxatdan oʻtkazish tizimining oʻzi esa juda noqulay boʻlib, koʻp vaqt va kuch talab etardi. Hozir esa roʻyxatdan oʻtmoqchi boʻlsangiz, bunday protsedura internet orqali amalga oshiriladi va daqiqalar ketadi.
— Biroq Oʻzbekistonga birinchi marta kelishim emas. Yurtdoshlaringiz mehmondoʻstligi(aytgancha, uning tengi yoʻq)ni eʼtirof etish qatorida xizmatlar sohasida koʻplab muammolar bor edi. Toʻgʻrisi, infratuzilma jahon standartlaridan ancha uzoqda edi.
Aziz Abduhakimov: — Mutlaqo haqsiz. Bu borada katta oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Masalan, avvallari restoranlar soat 11 gacha ishlardi. Endi oxirgi xoʻranda chiqib ketmaguncha ishini toʻxtatmayapti. Yoki oldinlari mehmonxonalarga rasmiy nikohga ega boʻlmaganlar qoʻyilmasdi. Hozir bunday emas. Mashinani ijaraga olib boʻlmasdi. Hozir bu ham xuddi Gʻarbiy Yevropa yoki Rossiyadagi kabi hech qanday muammosiz amalga oshirilyapti.
Mehmondoʻstlikning zamonaviy infratuzilmasini yaxshi internetsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shuning uchun routerlar sotib olish, tarmoqni yotqizish, trafikka toʻlash va internet qurilmasi bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni turobyektning soliq solinadigan bazasidan olib tashlaganmiz. Hozir istalgan mehmonxonada, koʻplab kafe va restoranlarda internetdan foydalanish imkoniyati mavjud. Senzura, texnika bilan bogʻliq hech qanday cheklov yoʻq.
Yana bir yangilik. Bu MDH mamlakatlari orasida birinchisi hamdir. Uch va toʻrt yulduzli mehmonxonalar qurilishida ishtirok etayotgan investorlarga ajratilgan mablagʻning 15 foizidan 25 foizigacha davlat tomonidan qaytarib beriladi. Agar siz bu yerga qandaydir brend(franshiza), misol uchun mehmonxona tarmogʻini olib kirsangiz, davlat xarajatlarni qoplab beradi.
Agar ushbu dasturni amalga oshirish boshlangunga qadar bizning xonalar fondimiz bor-yoʻgʻi 28 mingtaga moʻljallangan boʻlsa, hozir ularning soni 44 mingtaga yetdi. Biz yana 600 ta yangi mehmonxona barpo etamiz.
Kompensatsiya tizimi turistlar bilan charter reyslarni amalga oshiruvchi xorij aviakompaniyalariga nisbatan ham qoʻllanilyapti. Biz har bir yoʻlovchi uchun 20 dollardan qaytaryapmiz. Nofaol mavsum – 15-noyabrdan 15-fevralga qadar esa har bir olib kelingan mehmon uchun 50 dollardan kompensatsiya qilmoqdamiz.
Toʻrtta — Buxoro, Qarshi, Termiz, Nukusdagi aeroportlarda chet el aviakompaniyalariga erkin, oldindan shartlarsiz reyslarni amalga oshirishlari uchun “ochiq osmon” dasturini amalga oshirmoqdamiz.
— Bularning barchasi yaxshiyu biroq bunday katta oqimdagi turistlarni professional qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish uchun odamlarni qayerdan olasizlar?
Aziz Abduhakimov: — Birinchidan, biz mehmonxonalarni franshiza tizimi boʻyicha faol jalb etmoqdamiz. Bu boshidanoq dunyo standartlari asosida xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Masalan, yurtimizga “Hilton”, “Radisson”, “Hyatt” kirib keldi. Bundan tashqari, har bir viloyatda mehmon kutish sohasida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan kollejlar ochilgan. Bizning “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti haqida esa allaqachon bilasiz. Koʻplab mehmonxonalarda xorijlik yuqori malakali xodimlar ishlamoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining oʻzida ham ushbu tarmoq yuksak darajaga yetgan Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Fransiyadan maslahatchilar bor.
— Togʻ changʻisi kurortlari boʻyicha savol. Ochigʻini aytganda, issiq Toshkentdan bir soatlik yoʻl yurib, changʻida uchishdan rohatlanish mumkinligiga uncha ishonmay turibman.
Aziz Abduhakimov: — U holda dekabr oylarida Chimyon togʻlarimizga keling. U yerda jahon darajasidagi yangi togʻ changʻisi markazi ochiladi. Biz ushbu ishga tizimli asosda yondashyapmiz. Avvaliga davlat darajasida muayyan hududdagi qurilish loyihasi qilinadi. Bunda tabiat bilan shubhasiz uygʻunlashish, qatʼiy ekologik talablar, transport qulayligi, arxitektura yechimlarining eng yuqori darajasi kabi koʻplab omillar inobatga olinadi. Shundan soʻnggina pudratni xususiy quruvchilarga beramiz.
— Shunday qilib, Amirsoyni Alp kurortlari bilan tenglashtirsam boʻlar ekan-da?
Aziz Abduhakimov: — Qarang, togʻlarimizdan qor noyabr oʻrtasidan boshlab aprel oʻrtalarigacha erimaydi. Oʻsha Kurshevelning tajribasini oʻrgangan holda, hatto mavsum avjida ham koʻtargich(podyomnik) oldida navbat kutishlarni minimum darajaga tushirish boʻyicha aqlli tizim ishlab chiqdik. Bunday kurortlar bizda yaxlit tarmoqqa aylanadi.
— Biz siz bilan qadimgi Samarqand shahrining qoq yuragida suhbatlashyapmiz. Bu shahar butunligicha eng buyuk tarixiy yodgorlikdir. Bundan tashqari, sizda Buxoro, Xiva, Shahrisabz bor. Yana qanday joylar xorijlik turistlar uchun qiziq boʻlishi mumkin?
Aziz Abduhakimov: — Termiz juda mashhur yoʻnalishlardan biriga aylanyapti. U yerda koʻplab buddaviylik artefaktlari bor. Aleksandr Makedonskiy asos solgan shahar-qalʼalar, yunon-baqtriya shohligi yodgorliklari, Kushon imperiyasi qoldiqlari mavjud. Togʻlar, vodiylar, gʻorlar va sharsharalarni oʻz ichiga olgan betakror tabiat. Oʻziga xos turmush tarziga ega qishloqlar. Oshqozon-ichakni tozalash uchun shifobaxsh buloq suvlari. Sizga ham u yerga albatta borishni tavsiya qilaman.
Biz har bir mehmon koʻngli tusagan sayohat yoki hordiqni topa olishi uchun turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga intilyapmiz. Tarixiy va diniy muqaddas joylar. Togʻ changʻisi kurortlari. Ziyorat turizmi. Etnoturizm. Ekoturizm. Gastronomiya. Agroturizm...
—Agro? Bu nima degani? Birinchi eshitishim.
Aziz Abduhakimov: — Sayyohlik industriyasining yuksalib borayotgan brendi. U ilgʻor davlatlardagi shahar aholisini ona zaminga, tabiatga intilishini qondirishga qaratilgan. Xitoyda, masalan, bolalar non va pomidorlar fabrikada tayyorlanadi deb bilishadi. Maydonga chiqib, ekish yoki hosil yigʻishda ishtirok etish uchun katta talab bor.
Yoki etnoturizmni olib koʻraylik. Bu borada ham koʻplab yangiliklar bor. Bizda mehmonlar mahalliy aholi uylarida toʻxtab, u yerda yashash imkoniyatlari yaratilgan qishloqlar va mahallalar paydo boʻldi. Toʻgʻri, mavjud qoidalarga koʻra, bunday imoratlar zamonaviy sanuzel bilan jihozlanishi, qatʼiy gigiyenik talablarga javob berishi kerak. Aholi bunday xizmatlarni taqdim etishga tayyor. Chunki davlat uy-joylar uchun jihozlar, maishiy texnikalar sotib olish, milliy uslubda interyerlar oʻrnatish uchun kreditlar beryapti.
Biz turizmdan daromadlarni hisob-kitob qilishning xalqaro tizimiga oʻtdik va birinchi marta milliard dollarlik dovonni bosib oʻtdi. Maqsad – ikki yarim milliard dollarlik marraga yetish.
— Suhbatimiz mavzusiga bevosita taalluqli boʻlmagan, ammo umumiy vaziyatni tushunish uchun yana bir savol bermoqchiman. Siz Afgʻoniston bilan chegaradoshsiz. Bilamizki, u yerda vaziyat notinch. Bu qandaydir xavf tugʻdirmaydimi?
Aziz Abduhakimov: — Biz Amudaryoning naryogʻida barqaror rivojlanayotgan, barqaror iqtisodiyot va zamonaviy ijtimoiy hayotga ega tinch mamlakat boʻlishidan juda manfaatdormiz. Bunga koʻmak berishga har tomonlama harakat qilyapmiz. Misol uchun, Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh afgʻonlarni oʻqitish uchun yirik taʼlim markazi ochildi. Bu dargohda ular turli kasblar boʻyicha koʻnikmalarni oʻzlashtirishlari, oʻqituvchilik, shifokorlik, agromajmualar, AKT mutaxassisligi boʻyicha diplomlar olishlari mumkin. Ushbu loyihaga yirik donor mamlakatlar qiziqish bildirdi, ular bunda murakkab vaziyatdan chiqish yoʻlini koʻrishdi.
Chegara hududlarida oʻzaro savdo zonalari, oʻziga xos yarmarkalar tashkil etilyapti. Shunday qilib ikki qoʻshni mamlakat ishlab chiqaruvchilari avtomobildan tortib mixgacha, oʻzlari tayyorlagan mahsulotlarni ayirboshlash imkoniga ega boʻlmoqda. Qolaversa, chegarada tibbiyot markazi barpo etdik. Afgʻon qardoshlarimiz soddalashtirilgan viza rejimi yordamida bu yerga zarur konsultatsiya va tibbiyot xizmatlarini olish uchun kelishmoqda.
Yaqinda “Valday” Xalqaro muhokama klubi ilk bor Oʻzbekistonni oʻzining 10-yubiley konferensiyasini oʻtkazish manzili etib tanladi. Koʻplab mamlakatlardan taniqli ekspertlar Samarqandda yigʻilishdi va bu ham biz tanlagan yoʻl toʻgʻri ekanligi va u tan olinganining yana bir dalolatidir.
Men “Rossiyskaya gazeta” mushtariylarini Oʻzbekistonga taklif etaman. Ularga maksimum eʼtibor va mehmondoʻstlikni kafolat beramiz.
Maʼlumot uchun, “Rossiyskaya gazeta” kundalik umummilliy nashr boʻlib, unda davlat arboblarining qabul qilinayotgan qonunlarga sharhlari, hokimiyat, biznes, madaniyat sohasining eng nufuzli vakillari bilan eksklyuziv intervyular, dunyoning turli nuqtalaridan muxbirlarning tezkor reportajlari, tahlillar va prognozlar berib boriladi.
Gazeta oʻz mamlakatidagi eng yirik 13 tafiliallariga, Buyuk Britaniya, Albaniya, Belarus, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, AQSH, Ukraina, Fransiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Turkiyada muxbirlik punktlariga ega.
S. MAXSUMOV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring