Rishtonda mashhur kulol Sharofiddin Yusupov uy-muzeyi ochildi

10:42 01 Noyabr 2024 Jamiyat
179 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Sharofiddin Yusupov Rishtonning eng tajribali va mashhur kulollaridan biri hisoblanadi.

Rishton kulolchilik maktabining yettinchi avlodi boʻlgan Sh.Yusupovning qoʻl mehnati orqali yaratilgan serqirra mahsulotlari dunyoning taniqli muzeylaridan joy olgan. Xususan, kulol-rassomning ijodiy ishlari Parijdagi Lkvr, Sankt-Peterburgdagi Ermitaj, Moskvadagi sharqshunoslik va dunyo xalqlari muzeylarida saqlanmoqda. Shuningdek, ustoz kulol mahsulotlari Yaponiya, AQSH, Rossiya, Turkiya, Italiya kabi jahonning koʻplab davlatlarida oʻtkazilgan sanʼat koʻrgazmalarida doimiy ravishda namoyish etib kelinadi.

Kuni kecha mahoratli kulolning xonadonida tashkil etilgan uy-muzeyi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Bu maskanda yillar davomida tayyorlangan eng sara kulolchilik mahsulotlari joylandi. Muzeyda mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun mahorat darslari oʻtkazish, mahsulot tayyorlanishi jarayonini bevosita kuzatish imkoniyati ham yaratilgan.

— Bu ota-bobolarimizdan meros qolgan hunar, — deydi Sharofiddin Yusupov. — Bugungi kunda farzand va nabiralarim ham ushbu yumush bilan band. Xonadonimizga juda koʻp sayyoh keladi. Muzey faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali turizm rivojiga munosib hissa qoʻshishni maqsad qilganmiz.

Muzeydagi kulolchilik sanʼati namunalarini koʻzdan kechirar ekansiz, bu insonning ijodiy fantaziyasi, mumtoz adabiyotimiz bilimdoni ekaniga qoyil qolasiz. Usta kulol oddiy lagan, tovoqqa, devorlarga chizilgan mazkur asarlarning baʼzilari mashaqqatli qoʻl mehnati tufayli yillar mobaynida tayyorlanganini aytadi.

Haqiqatan ham bu sanʼat asarlari jozibasi hayrat va hayajonga arziydi...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?